Jahon | 21:23 / 25.06.2024
3973
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina va Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralar boshlandi 

Dastlabki muzokaralar nomzodlarni Yevropa Ittifoqi a’zoligi bilan bog‘liq majburiyatlarni bajarishga tayyorlashga qaratilgan. 

Foto: ZUMA Press

Lyuksemburgda hukumatlararo konferensiya ish boshladi, unda Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha dastlabki muzokaralar o‘tkaziladi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi. 

Anjumanda Kiyev va Bryusseldan rasmiy delegatsiyalar ishtirok etmoqda. 13 kishidan iborat Ukraina delegatsiyasiga bosh vazir o‘rinbosari Olga Stefanishina boshchilik qilyapti. Yevropa Ittifoqidan alyansning barcha 27 davlatidan vazirlar ishtirok etmoqda, delegatsiyaga Belgiya TIV rahbari Haja Labib rahbarlik qilyapti. 

«Bugun biz boshlagan muzokaralar jiddiy va mehnattalab bo‘ladi. Biz qat’iyat va fidoyilik bilan ularni muvaffaqiyatli yakunlash qobiliyatingizga ishonamiz», dedi u. 

Associated Press xabariga ko‘ra, 25 iyun kuni Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha ham rasmiy muzokaralar boshlanadi. 

«Ukraina va Moldova xalqlari ushbu loyihaning bir qismi bo‘lishga qat’iy sodiqlik va qat’iyatni namoyish etdi. Urush va notinch davrlarda ham keng ko‘lamli islohotlarni boshlab yubordilar. Ular yo‘l qattiq va mashaqqatli bo‘lishini bilishadi. Muzokaralar nomzodlarni Yevropa Ittifoqi a’zoligi bilan bog‘liq majburiyatlarni bajarishga tayyorlashga qaratilgan. Shu tufayli yo‘l qisqa bo‘lmaydi», dedi Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen. 

Konferensiyadan so‘ng, taxminan iyul oyida muzokaralarning asosiy qismi – skrining deb ataladigan tayyorgarlik jarayoni boshlanadi. U ikki tomonlama uchrashuvlarni ifodalaydi, unda Ukraina va Moldova 35 muzokaralar bo‘limi bo‘yicha o‘z qonunchiligini Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga yaqinlashtirish darajasini taqdim etadi. Jarayonning yakunlanishi Yevropa Komissiyasining hisoboti bo‘ladi. Bu jarayon bir yil davom etishi kutilmoqda, biroq Yevropa Ittifoqi rasmiylaridan biri Bryusseldagi brifingda ta’kidlaganidek, Ukraina va Moldova misolida u ertaroq tugashi mumkin, chunki ikkala davlatning tayyorgarlik darajasi yaxshi. 

Ukraina Rossiya qo‘shinlarining keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan so‘ng darhol Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi. Ukraina bosh vazirining Yevropa va Yevroatlantika integratsiyasi bo‘yicha o‘rinbosari Olga Stefanishina Ukraina o‘z oldiga 2030 yilgacha Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishni maqsad qilib qo‘yganini aytdi. 

Mavzuga oid