Jahon | 09:56 / 11.07.2024
2410
4 daqiqa o‘qiladi

NATO Ukrainaning o‘z xavfsizlik choralarini tanlash huquqini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi

NATOga a’zo davlatlar va hukumat boshliqlarining 75-yubiley sammitdagi yakuniy deklaratsiyada ittifoqchilar Ukrainaning Rossiyaga qarshi urushida qo‘shimcha yordam jo‘natilishini tasdiqlashdi. NATO a’zolari Rossiyani qo‘llayotgan Xitoy va boshqa davlatlarni bunday harakatlarni to‘xtatishga chaqirgan.

Foto: tmgrup.com.tr

Deklaratsiyada aytilishicha, alyans Ukrainaning «yevroatlantika integratsiyasi va NATOga a’zo bo‘lish borasidagi ortga qaytmas yo‘li»ni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Ittifoqchilar Ukrainaga bir yil davomida 40 mlrd yevrolik harbiy yordam ko‘rsatadi, deb yozadi Anado‘lu.

«Biz Ukrainaning o‘z xavfsizlik choralarini tanlash va chetdan aralashuvsiz o‘z kelajagini belgilash huquqini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz», — deyiladi deklaratsiyada va barcha shartlar bajarilganidan so‘ng Ukraina alyansga taklif qilinishi ham tasdiqlangan. «Ukrainaning kelajagi NATOda. Ukraina tobora operativ va alyansga siyosiy integratsiyalashgan bo‘lib bormoqda», — deya ta’kidlanadi hujjatda.

Deklaratsiyada qayd etilishicha, Rossiya Ukrainadagi urush hamda BMT Nizomi doxil «xalqaro huquqni qo‘pol tarzda toptagani» uchun to‘liq javobgar. Rossiya kuchlari va mansabdor shaxslari inson huquqlarini toptagani, harbiy jinoyatlari va boshqa xalqaro huquqni buzgani uchun javobgarliksiz qolib ketishi mumkin emasligi qayd etilgan.

NATO Rossiyaga yordam berayotgan va shu yo‘l bilan Ukrainadagi urushning cho‘zilishiga sababchi bo‘layotganlarni qoraladi

Rossiyaning Ukrainadagi urushida barcha davlatlarni yordam bermaslikka chaqirib, deklaratsiyada Belarus, KXDR, Eron va Xitoy tilga olingan: «Biz Rossiyaga yordam berayotgan va shu yo‘l bilan Ukrainadagi urushning cho‘zilishiga sababchi bo‘layotganlarni qoralaymiz».

Deklaratsiyada Xitoy Rossiyaning Ukrainadagi xatti-harakatlariga «yakuniy yordamchi» sifatida sanab o‘tilgan va Pekin yevroatlantika xavfsizligi uchun tizimli muammolar yaratayotgani qayd etilgan.

Deklaratsiyada Xitoyni Rossiyani Ukrainada moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni bas qilishga chaqiriq bor, shuningdek, Xitoyning kosmik salohiyati va yadroviy arsenali oshib borayotganidan tashvish bildirilgan.

Deklaratsiya Pekinni strategik tahdidlarni kamaytirish bo‘yicha muzokaralarga qo‘shilishga va Rossiyaning Ukrainaga qarshi kurashida uni har qanaqasiga qo‘llab-quvvatlashni bas qilishga chaqiradi.

«Biz BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zosi sifatida BMT Nizomi va prinsiplariga rioya qilishda alohida mas’uliyatga ega bo‘lgan Xitoy Xalq Respublikasini Rossiyaning harbiy sa’y-harakatlarini har qanday moddiy va siyosiy qo‘llab-quvvatlashni bas qilishga chaqiramiz», — deya qayd etilgan deklaratsiyada.

NATO terrorchilik tashkilotlaridan kelayotgan tahdid va chaqiriqlarga qat’iy qarshi turishda davom etadi

«Biz terrorchilar va terrorchilik tashkilotlaridan kelayotgan tahdid va chaqiriqlarga qat’iy qarshi turishda davom etamiz», — deyiladi deklaratsiyada va terrorizmga qarshi kurashish NATOning ajralmas kollektiv mudofaa unsurlaridan biri bo‘lib qolishi qo‘shimcha qilingan.

Deklaratsiyada shuningdek G‘arbiy Bolqon va Qora dengiz mintaqasi Shimoliy Atlantika ittifoqi uchun strategik ahamiyatga ega ekani qayd etilib, NATO bu mintaqada barqarorlik va xavfsizlik uchun qat’iy sodiq ekani haqida so‘z boradi.

Deklaratsiyada ko‘rsatilishicha, G‘arbiy Bolqon bilan siyosiy muloqot va amaliy hamkorlik kelgusida ham mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash uchun olib boriladi, shuningdek, qo‘ltiqlar to‘g‘risidagi 1936 yilgi Montryo konvensiyasi esga olinib, ittifoqchilarning Qora dengiz mintaqasida kemachilik xavfsizligi, ishonchliligi, barqarorligi va erkinligini himoyalash bo‘yicha sa’y-harakatlari qo‘llab-quvvatlanishi tasdiqlangan.

NATOning yubiley 75-sammiti doirasida AQShga sammitni yuqori saviyada tashkil qilgani uchun minnatdorlik bildirilib, kelgusi yilgi sammit Niderlandiyada, 2026 yilgisi esa Turkiyada tashkillashtirilishi e’lon qilindi.

Mavzuga oid