Finlandiya va Estoniya Boltiq dengizida Rossiya flotini bloklash rejasini tayyorlamoqda
Finlandiya va Estoniya harbiy qo‘mondonligi «ekstremal vaziyatda» Rossiya flotining Boltiq dengizidagi harakatini taqiqlashga oid rejani ishlab chiqish niyatida.
Finlandiya va Estoniya harbiy qo‘mondonligi «ekstremal vaziyatda» Rossiya flotining Boltiq dengizidagi harakatini taqiqlashga oid rejani ishlab chiqish niyatida. Bu haqda Estoniya Mudofaa kuchlari qo‘mondoni general-mayor Andrus Merilo ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «dengiz mudofaasi — Finlandiya va Estoniya keyinchalik ham o‘z hamkorligini davom ettiradigan yo‘nalish». Tomonlar dushmanning Boltiq dengizidagi harakatini to‘liq taqiqlaydigan aniq rejalarni ishlab chiqishga tayyor.
Meriloning ta’kidlashicha, harbiy nuqtai nazaridan buni amalga oshirish mumkin. Finlandiya ko‘rfazi qanday vaziyatda Rossiya uchun yopilishi mumkinligi haqidagi savolga javob berar ekan, qo‘mondon bu xavfsizlik vaziyatiga bog‘liq bo‘lishini aytdi. «O‘zimizni himoyalash uchun buni amalga oshirishga tayyormiz», — deydi Merilo.
May oyida Estoniya Mudofaa kuchlarining o‘sha vaqtdagi qo‘mondoni Martin Xerem Boltiq dengizini Rossiya uchun bloklashni taklif qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Estoniyada ushbu maqsadga erishish uchun dengiz minalari va kemalarga qarshi raketalar mavjud.
O‘tgan yilning oktyabr oyida Latviya prezidenti Edgar Rinkevich agarda Moskvaning Balticconnector gaz quvuriga yetkazilgan shikastga aloqadorligi aniqlansa, Rossiya kemalarining Boltiq dengiziga o‘tish qismi yopilishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Uning aytishicha, ushbu masala NATOga a’zo ikki davlat —Finlandiya va Estoniya hukumatlari o‘rtasida muhokama qilingan. Ammo keyinroq Xitoy gaz quvuri hamda Shvetsiya va Estoniya o‘rtasidagi telekommunikatsiya kabeliga o‘z kemasi shikast yetkazganini tan olgandi.
NATO Rossiyaga qarshi urushda Boltiq dengizidan foydalanish niyatida ekani haqida may oyida alyansning Yevropadagi Qurolli kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni admiral Jyeyms Stavridis ta’kidlagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga qo‘shilishi Boltiq dengizini deyarli alyansning ichki «ko‘liga» aylantirgan.
Mavzuga oid
21:13 / 11.10.2024
NATOning yangi bosh kotibi ittifoqchilarni Putinning yadroviy tahdidlariga e’tibor qaratmaslikka chaqirdi
19:38 / 11.10.2024
Zelenskiy Yevropa poytaxtlarini aylandi. U ittifoqchilardan nima talab qildi? Va u nimaga erishishi mumkin?
10:10 / 11.10.2024
NATO Yevropada yillik yadroviy mashg‘ulotlar boshlanishini e’lon qildi
21:00 / 07.10.2024