Jahon | 23:12 / 17.07.2024
4024
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniya qiroli Charlz III bosh vazir Kir Starmer islohotlarini e’lon qildi

Hukumat yangi uy-joy qurilishini tezlashtiradigan, ishchilar huquqlarini mustahkamlovchi, hokimiyatni markazlashtirmaydigan, immigratsiya va boshpana berish qoidalarini «zamonaviylashtiradigan» qonunlar taqdim etadi. Ukrainaga yordam berishda davom etadi va Yevropa Ittifoqi bilan yana yaqinlashadi.

Foto: Getty Images

Konservatorlarning 14 yillik hukmronligidan so‘ng hokimiyatga kelgan Britaniyaning yangi leyboristlar hukumati, birinchi navbatda ichki siyosat, shuningdek, Ukraina, NATO va Yevropa Ittifoqiga nisbatan qanday siyosat olib borishini e’lon qildi. Yangi parlament ochilishida bosh vazir Kir Starmerning dasturi Buyuk Britaniya qiroli Charlz III tomonidan katta hayajon bilan o‘qib berildi.

Qirollik nutqi an’anaviy tarzda Buyuk Britaniya hukumatining asosiy organi bo‘lmish Jamoatlar palatasining navbatdagi sessiyasi uchun hukumat rejalarini bayon qiladi.

BBC xabariga ko‘ra, islohotlar ro‘yxati kutilganidek bo‘lib chiqdi, chunki u Starmer partiyasining saylovoldi dasturini takrorlaydi.

Qirol hukumat yangi uy-joy qurilishini tezlashtiradigan, ishchilar huquqlarini mustahkamlovchi, hokimiyatni markazlashtirmaydigan, immigratsiya va boshpana berish qoidalarini «zamonaviylashtiradigan» qonunlar taqdim etishini, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va ta’lim sohasida islohotlarni va’da qildi.

Kutilganidek, nutq Great British Railways temir yo‘l kompaniyasini qayta milliylashtirish va yangi «yashil» energiyani rivojlantiruvchi Great British Energy davlat energetika kompaniyasini yaratish va’dasini o‘z ichiga oldi.

Starmer o‘zidan oldingi bosh vazir Rishi Sunakning yoshlarga sigaret sotishni taqiqlash tashabbusini tikladi va bolalarga zararli oziq-ovqat va shakarli ichimliklar reklamasini cheklashga va’da berdi.

Ta’kidlanishicha, bu islohotlarning barchasi uchun Britaniya g‘aznasida ortiqcha mablag‘ yo‘q. Shuning uchun yangi hukumatning asosiy vazifasi iqtisodiyot va aholi daromadlarining o‘sishiga erishishdir, dedi qirol.

Tashqi siyosatga to‘xtalar ekan, qirol yangi hukumat nomidan Britaniya Rossiyaning agressiyasini qaytarishda Ukraina uchun asosiy ittifoqchi bo‘lib qolishini va NATO yadroviy ustuni bo‘lib qolishini va’da qildi.

«Mening hukumatim Ukraina va uning xalqini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etadi va Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi uchun aniq yo‘lni belgilashda yetakchi rol o‘ynashga intiladi», dedi u.

Qayd qilinishicha, Britaniya konservatorlar davridagi ajralishlar va janjallar bilan kechgan o‘n yildan keyin yangi hukumat ostida Yevropaga yaqinlashadi.

«Mening hukumatim yevropalik hamkorlar bilan munosabatlarni tiklashga intiladi va Yevropa Ittifoqi bilan savdo va sarmoyaviy munosabatlarni yaxshilashga harakat qiladi», dedi qirol va Yevropa Ittifoqiga umumiy tahdidlarga qarshi birgalikda mudofaa qilish uchun yangi xavfsizlik paktini va’da qildi.

Mavzuga oid