Jahon | 15:26 / 17.07.2024
6560
10 daqiqa o‘qiladi

Isroilning falastinlik qo‘mondonlarga suiqasdlaridan naf bormi? HAMASda boshqaruv tizimi qanday shakllangani haqida

Yakunlangan hafta oxirida Isroil armiyasi Xon Yunusga jiddiy zarbalardan birini amalga oshirdi, hujum natijasida HAMAS brigadalaridan birining qo‘mondoni Rafaa Salama halok bo‘ldi. «Geosiyosat»da G‘azo atrofidagi so‘nggi jarayonlarni siyosatshunoslar Bektosh Berdiyev va Shavkat Ikromov tahlil qildi.

Rafaa Salama va Muhammad Deyf Hamas uchun qanchalik muhim liderlar?

Shavkat Ikromov: — Muhammad Deyf Hamasda ramziy va vazifaviy jihatdan muhim shaxs hisoblanadi. Hamas boshqaruvi siyosiy va harbiy bo‘limga ajraladi, Muhammad Deyf harbiy qanot rahbari hisoblanadi. G‘arb tahlilchilari yozishicha, u Hamasni partizanlik darajasidan to‘laqonli armiya darajasiga olib chiqqan yetakchi bo‘lgan. Hamasning harbiy taktika va strategiyalarini ishlab chiqishda muhim shaxs Muhammad Deyfdir, 7 oktyabr voqealarining ham asosiy tashkilotchilaridan biri sifatida u e’tirof etiladi.

Deyf halok bo‘lgan bo‘lsa, bu Hamas uchun katta yo‘qotish bo‘ladi, lekin bu tashkilot faoliyatiga ta’sir qilmaydi, allaqachon unga o‘rinbosarlar bor. Netanyahu ham Muhammad Deyf yo‘q qilingani haqida aniq ma’lumotlar yo‘qligi, uni yo‘q qilish uchun harakatlar davom ettirilishini aytdi. Hamas ham Muhammad Deyf vafot etganini tasdiqlamadi, katta ehtimol bilan u tirik. Unga bundan oldin ham bir necha marta suiqasdlar uyushtirilgan, u Isroil nishonidagi birinchi raqamli shaxs hisoblanadi. Hozirda uning nogiron bo‘lib qolgani aytiladi, oxirgi marta oktyabrdagi hujumlardan keyin ko‘rinish bergandi, odatda u ommaga ko‘rinmaydi.

Rafaa Salama esa Hamas uchun juda muhim shaxs emas, odatiy qo‘mondonlaridan biri, Xon Yunus mudofaasini amalga oshirayotgan edi. Tashkilotda uning ham o‘rnini bosuvchi bir necha shaxs bor.

Bektosh Berdiyev: — Bugungi kunda Hamasda qo‘mondonlar bilan ta’minlash muammo emas, Rafaa Salama o‘rniga tayyor, undan ham yaxshiroq bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslar ko‘p. Hamas allaqachon bunday vaziyatlarni hisobga olib o‘rinbosarlar tayyorlab qo‘ygan. Rafaa Salamaning qo‘l ostida 4 mingdan ziyod jangchi bo‘lgan, bu bo‘linma Isroilning Xon Yunusdagi harakatlariga katta qarshilik ko‘rsatmoqda.

Hamas ham butunlay shubhalardan xoli emas, uning ichida ham Isroil josuslari bor. Shuning uchun Hamas qo‘mondonlari bir kechada uch martagacha joylashuvini o‘zgartiradi. Salama Deyfga yaqin bo‘lgan qo‘mondonlardan edi. Isroil tomoniga ko‘ra, aynan Muhammad Deyf va Rafaa Salama harakatlari bilan mingdan ziyod isroillik halok bo‘lgan. Shuning uchun bu ikki shaxs ham doimiy suiqasdlar ostida yashab keladi. Hujumlar oqibatida Muhammad Deyfning qarindoshlari deyarli qolmagan. Ammo irodasini susaytirmasdan harakatdan to‘xtamayapti ular.

G‘azodagi mavjud guruhlar va ularning boshqaruv tizimi qanday?

Shavkat Ikromov: — Hozirda Falastin davlati hududi uchga bo‘lingan: Falastin ma’muriyatiga qarashli hududlar, G‘arbiy sohil va G‘azo mintaqasi. G‘azoda Hamas hokimiyati o‘rnatilgan, shuningdek, G‘arbiy sohilning ba’zi hududlari va Livanning falastinlik qochqinlar yashaydigan hududlarida ham Hamas hokimiyati tan olinadi.

Hamasni siyosiy partiya sifatida talqin qiladigan bo‘lsak, hokimiyat siyosiy byuro tomonidan amalga oshiriladi. Ismoil Hanya Hamasning yuqori darajali yetakchisi hisoblanadi. Yahyo Sinovar ham ijro hokimiyatidagi muhim shaxs. Muhammad Deyf esa harbiy yetakchi, mudofaa vaziriga tenglashtirsa bo‘ladi.

Boshqaruv tuzilmasi: harbiy va siyosiy qanot hamda quyi bo‘g‘inlar. Boshqaruv islom dini qoidalari bo‘yicha amalga oshiriladi. Falastinni ozod qilish bo‘yicha g‘oyalar mafkura hisoblanadi. Ko‘pchilik boshida Hamasni IShIDga o‘xshatgan, ammo Hamas milliy ozodlik harakati olib boruvchi sifatida IShIDdan farqlanadi. O‘zi, Hamas va IShID o‘rtasida g‘oyaviy qarama-qarshiliklar ham bor.

Hamas boshida Musulmon birodarlar tashkilotining G‘azodagi bo‘limi sifatida tashkil qilingan, keyinchalik o‘z g‘oyalari bilan chiqdi. Shu tariqa, tashkilot o‘sib bordi va bugungi kunga kelib juda tez tiklanuvchi boshqaruv apparatiga ega.

Bektosh Berdiyev: — O‘tgan asr oxirlarida Falastinda ikki asosiy yetakchi shakllanib qoladi. Birinchisi Yosir Arofat, u umumiy Falastin rahbari edi. Isroil bilan ma’lum darajada kelishuv yo‘llariga o‘tgandi. Arofatning Oslo kelishuvlaridan keyin 1987 yilda G‘azoda ikkinchi kuch shakllandi, ya’ni Hamas tashkiloti. O‘sha paytda Hamas yetakchisi bo‘lgan Ahmad Yosin bir necha marta Isroil qamoqxonasiga tushadi, boshqa davlatlarga chiqib ketdi, lekin baribir yo‘lidan qaytmaydi, oxiri 2004 yilda Isroil tomonidan o‘ldiriladi. Shundan keyin Isroil Hamasda parokandalik bo‘lishini kutgan edi, ammo unday bo‘lmadi. Yosinning o‘rniga kelgan Abdul Aziz Rantisiy ham yaxshi faoliyat yuritdi. U ham o‘ldirildi. Ammo Hamasda, yuqorida aytganimizdek, o‘rinbosarlar kelishi mexanizmi yaxshi shakllangan.

Hamas paydo bo‘lganda Falastin ozodlik tashkiloti (Fath)ga qarshilik qila boshladi, bundan Isroil o‘z manfaati yo‘lida foydalanishga harakat qilib, Hamas va Fathni urishtirib, ikkisini zaiflashtirmoqchi bo‘lib, ba’zida Hamasni qo‘llab turgan. Baribir Isroil o‘z maqsadiga yetolmadi, Hamasning obro‘si oshib, G‘azoda hokimiyatini o‘rnatdi.

Muhammad Deyf o‘lsa, uning o‘rniga Marvon Issa tayyor turibdi. Ismoil Hanya o‘ldirilsa, uning o‘rinbosarlari ham yetarlicha. Isroil o‘ldirgan qo‘mondonlar o‘rniga zamonaviy g‘arb ilmini o‘zlashtirgan yangi qo‘mondonlar kelyapti.

Ismoil Hanya qayerda yashaydi o‘zi?

Bektosh Berdiyev: — Ismoil Hanya asosan Misrda yashardi, Sisi hokimiyatga kelgach, ko‘p tomonlama Hamas bilan munosabatlarga chek qo‘ydi va Ismoil Hanyani ham chiqarib yubordi. Bugungi kunda Hanya Turkiya va Qatarda yashaydi deyiladi, asosan Qatarda bo‘ladi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Tehronda ham uyi bor. Hamas sunniy tashkilot bo‘lsa ham, Eron ma’lum darajada qo‘llaydi uni. Umuman, bugun Hanyaga ko‘plab arab davlatlarining eshigi ochiq, bu ochiqcha aytilmasa ham. O‘zi, musulmon davlatlarida rasmiy bo‘lmasa ham ichki qo‘llov bor Hamasga nisbatan.

Tinchlik muzokaralari yana to‘xtab qoldi deyilyapti, endi jarayon qanday kechadi?

Bektosh Berdiyev: — Yaqinda bo‘lib o‘tgan NATO sammitida Erdo‘g‘an va Ispaniya bosh vaziri G‘azo masalasida ikki xil strandartlilik bo‘lmasligi kerak, dedi. Rostdan ham Falastin xalqi va Hamasga nisbatan ikki xil standart ishlayapti. Ba’zi davlatlar Hamasni terrorchi tashkilot deb tan oladi, ba’zilari yo‘q. Ikki tomonda ham kuchli, katta davlatlar bor.

Xalqaro sud Netanyahuni hibsga olishga order bersa, Isroil reputatsiyasi juda tushib ketadi, shundoq ham xalqaro hamjamiyat oldida agressor, genotsidchi sifatida gavdalanib bo‘ldi. Xalqaro sud Netanyahu va Muhammad Deyfni hibsga olish bo‘yicha orderni ko‘ryapti. Ismoil Hanyaga nisbatan bunday masala yo‘q, chunki u Hamasning muloqot qilish mumkin bo‘lgan shaxsi. Xalqaro sud iroda ko‘rsatib, Netanyahuni hibsga olish qarorini chiqarsa, xalqaro munosabatlarda siljish bo‘lganini, adolat bo‘layotganini ko‘rsatar edi.

Shavkat Ikromov: — Hamasning urushni mumkin qadar cho‘zish strategiyasi bor edi. Chunki taktik jihatdan Isroilni yengolmaydi, maqsad urushni cho‘zib, Isroilning xalqaro imijiga zarba berish bo‘lgan. Hamas bu maqsadiga erishdi, bugun xalqaro hamjamiyatda Isroil nufuzi pasayib ketdi. Faqatgina AQSh qo‘llovi Isroilni ushlab turibdi urushda. Oxirgi vaqtlarda AQSh tomonidan ham tanqid qilinayotgan bo‘lsa-da, yahudiy lobbisi yaxshi ishlayapti va yordam ko‘rsatish to‘xtagani yo‘q.

Xalqaro maydondagi oxirgi voqealar, masalan, Eronda Raisiy o‘limi, saylovlar, Rossiya-Hindiston, Rossiya-Xitoy muzokaralari sabab G‘azodan biroz e’tibor tortildi. Lekin urush, qirg‘in darajasi pasaygani yo‘q, davom etyapti.

Mutaxassislar fikricha, Netanyahu ikki xil vaqt tartibida ishlayapti. Birinchisi u Hamas bilan muzokaralarga bormaydigan ultra o‘ng koalitsiya bilan ishlayapti, shu koalitsiya tarqatib yuborilishini kutyapti. Ikkinchisi, AQShdagi saylovlar. Tramp hokimiyatga kelsa, Netanyahu uchun yangi kuch va imkoniyat beradi. Shundan keyin u Isroilning o‘zidagi saylovlarga tayyorlanadi, Tramp yordamida kattaroq g‘alabaga erishib, xalq ishonchini qozonib hokimiyatini saqlab qolishga urinadi.

Hamas esa oldindan strategiyalarini ishlab chiqqan, AQShda kim hokimiyatda bo‘lishi, Isroildagi siyosiy holat bo‘yicha ehtimoliy rejalari bor.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi

Mavzuga oid