«Hizbulloh» Isroil shimoli o‘qqa tutilgani uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi
TsAHAL ma’lum qilishicha, Livandan Isroilga 40 ga yaqin raketa uchirilgan. «Hizbulloh» harakatiga ko‘ra, zarbalar nishoni harbiy baza bo‘lgan.
Livanning «Hizbulloh» harakati Isroil shimoliga otilgan o‘nlab raketalar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Unga ko‘ra, nishon harbiy bazalardan biri bo‘lgan, deb xabar berdi dpa agentligi 15 sentabr, yakshanba kuni.
Isroil mudofaa armiyasi (TsAHAL), o‘z navbatida, Livandan mamlakatga 40 ga yaqin raketa uchirilganini ma’lum qildi. Ba’zilari raketaga qarshi mudofaa tizimlari tomonidan tutilgan, boshqalari esa ochiq joylarda qulagan. Qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q. O‘t o‘chiruvchilar hujumlar natijasida yuzaga kelgan yong‘inlarni o‘chirishdi.
Bundan tashqari, portlovchi moddalarni olib uchgan dron Livandan Isroil chegarasini kesib o‘tgan. U mamlakat shimolida Yuqori Jaliladagi Metula shahri yaqinida qulagan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
Livandagi nishonlarga zarba
TsAHAL ma’lumotlariga ko‘ra, tunda Isroil harbiy-havo kuchlari va artilleriyasi Livandagi nishonlarga zarba bergan. Bayonotda aytilishicha, «terrorchilar yacheykasi» mo‘ljalga olingan.
14 sentabr kuni kechqurun Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi Isroilning mamlakat shimoli-sharqida uyushtirgan havo hujumi oqibatida to‘rt kishi, jumladan, uch nafar bola yaralangani haqida xabar berdi.
Ayni paytda, Yamanning husiychi isyonchilari Tel-Aviv yaqinidagi Isroilning Yaffa shahridagi harbiy nishonga zarba berish uchun yangi gipertovushli ballistik raketadan foydalanganliklarini aytishdi.
Yaqin Sharqdagi keskinlashuv
2023 yil 7 oktyabr kuni ertalab Hamasning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
Hamasning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida Hamasga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 41 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
16:38 / 12.11.2024
Amsterdamdagi mojaro: aslida nimalar bo‘ldi?
09:46 / 12.11.2024
ADL va IHT Isroilni G‘azodan chiqib ketishga chaqirdi
12:00 / 11.11.2024
Isroilning yangi mudofaa vaziri: «Hizbulloh» mag‘lub etib bo‘lindi
10:45 / 09.11.2024