O‘zbekiston | 22:40 / 01.08.2024
7268
6 daqiqa o‘qiladi

1 avgustning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Narxlari keskin ko‘tarilgan gaz yoqilg‘isi, poytaxtda piyodalarga noqulaylik uchun ajratilayotgan milliardlar, insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan mudhish avtohalokatlar, konditsioneri ishlamagan poyezd vagoni uchun joriy qilingan kompensatsiya — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Gaz narxi keskin oshdi

Propan narxlari 25 foizgacha oshdi. Raqobat qo‘mitasi bu bo‘yicha tekshiruv boshladi.

Iyul oyi davomida birja savdolarida suyultirilgan gazning 1 tonnasi 6 mln so‘mdan 7,5 mln so‘mgacha yoki 25 foizga qimmatlashgani ma’lum qilinmoqda.

Propan narxi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida o‘rtacha 4800-5000 so‘mdan 6000-6200 so‘mgacha qimmatlashgani aytilmoqda. Bu birjada narxlar oshgani ortidan ro‘y bergan.

Raqobat qo‘mitasi birja orqali realizatsiya qilinishi belgilangan suyultirilgan gaz mahsulotining qo‘yilishi va sotilishi yuzasidan tegishli o‘rganishlarni olib borib, qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qildi.

Shuningdek, 1 avgustdan e’tiboran siqilgan tabiiy gaz — metan narixiga yoqilg‘i to‘ldirish shoxobchalarda qo‘yilgan cheklov muddati yakuniga yetdi va bu turdagi yoqilg‘i narxi ham ko‘tarildi.

Avvalroq, metan gazi uchun eng baland narx belgilash muddati tugashi fonida narxlar 3750 so‘mdan respublikaning turli hududlarida 3950 – 4250 so‘mgacha ko‘tarilgani xabar qilingandi.

Narxlar statistikasi

Statistika agentligiga ko‘ra, iyul oyida 0,3 foizlik mavsumiy deflyatsiya qayd etilgan. Yil boshidan buyon iste’mol narxlari indeksi 4,9 foizga o‘sgan.

Iste’mol sektoridagi narxlarning yillik o‘sishi 10,5 foizni tashkil etmoqda. Oxirgi bir yilda dori-darmonlar narxi 22 foizga o‘sgan, xizmatlar sohasidagi inflatsiya 28 foizga yetgan. Statistika organi o‘tgan oyda go‘sht mahsulotlari 1,1 foizga qimmatlashgani, benzin narxlari 0,7 foizga tushganini qayd etdi.

Statistika organi o‘tgan oyda benzin narxi o‘rtacha 0,7 foizga tushganini qayd etgan. Shu bilan birga, iyuldagi benzin narxlari bir yil oldingiga nisbatan 20 foizga yuqori. Iyulda propan 1,9 foizga, yillik hisobda 16 foizga qimmatlashgan.

Mudhish avtohalokatlar

Yo‘llarda mudhish avohalokatlar tufayli insonlar halok bo‘lishi to‘xtamayapti.

Kattaqo‘rg‘on tumanida 4 va 7 yoshli qizlarini velosipedga mindirib, yo‘l chetida harakalanib kelayotgan otani mast holatda Nexia mashinasini boshqarib kelgan haydovchi urib yuborgan. Oqibatda ota va endigina 4 yoshga kirgan kichik qiz voqea joyida vafot etgan. Haydovchi qamoqqa olingan. Voqea 14 iyul kuni Bog‘ot mahallasida sodir bo‘lgan.

Qamchiq dovonida bugun sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida ikki kishi halok bo‘ldi. Yuk avtomobili boshqaruvni yo‘qotgan hamda qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketib, Kobalt va Matiz mashinalari bilan to‘qnashgan. Oqibatda yuk mashinasi va Matiz jarlikka qulagan.

Andijon viloyati Baliqchi tumanida sodir bo‘lgan avariyada haydovchi halok bo‘ldi. “Nexia-2”ni boshqarib kelayotgan 61 yoshli haydovchi asosiy yo‘ldan kelayotgan “Zil-130” yuk mashinasini o‘tkazib yubormasdan chapga burilgan. “Zil” haydovchisi tormoz bosishga ulgurmay, “Nexia-2” bilan to‘qnashgan. Oqibatda og‘ir tan jarohatlari olgan “Nexia-2” haydovchisi shifoxonada vafot etgan.

Piyodalarga noqulaylik uchun 107 mlrd

Toshkent shahrida 20 ta yerusti piyodalar o‘tish joylarini qurish uchun 107,2 mlrd so‘m talab etiladi.

Toshkent shahar xalq deputatlar kengashining 31 iyuldagi qarori bilan dastlabki qurilish ishlarini boshlash uchun 53,6 mlrd so‘m ajratildi. Pullar mahalliy budjetning 2024 yilgi qo‘shimcha manbalari hisobidan moliyalashtiriladi. Umumiy hisobda 25 ta yerusti piyodalar o‘tish joylari barpo qilinishi kutilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, shaharda jami 25 ta shunday inshootlar barpo qilinishi reja qilingan. Kengashning ilk hisob-kitoblari bilan shuning 20 tasini qurish uchun 107 mlrd 258 mln 3 ming so‘m pul sarflanishi talab qilinadi.

Urbanistlar va faollar Toshkent shahar kengashining bu qarorini ijtimoiy tarmoqda qattiq tanqid ostiga olib, yerosti va yerusti o‘tish joylari piyodalar uchun katta noqulaylik keltirib chiqarishi va odamlar boridan ham foydalanishda qiynalayotganini qayd etishgan.

Konditsioneri ishlamagan poyezd chiptasi uchun kompensatsiya

Raqobat qo‘mitasi bir guruh san’atkorlar chiqqan kupeda havo sovitish tizimi ishlamagani yuzasidan o‘rganishlarini ma’lum qildi. Endilikda kupe tipidagi vagonlarning havo sovitish tizimi uchun to‘lov undirilmaydi, pullar chipta narxidan chegirib qolinadi.

Ya’ni sovitish tizimi xizmatlari uchun ham chiptaga to‘lov qilingan, ammo yo‘lovchi poyezdlarida harakatlangan paytda konditsioner ishlamasa va bu holat o‘z tasdig‘ini topsa, yo‘lovchilarga havo haroratini mo‘’tadillashtirish va sovitish tizimlari ishlamaganligi uchun tegishli miqdordagi pul mablag‘lari kompensatsiya sifatida qaytarib beriladi.

Shuningdek, 19 iyul sanasidan kupe tipidagi vagonlarning havo sovitish tizimi uchun to‘lov undirilmaydi, chipta narxidan chegirib qolinadi.

Mavzuga oid