Propan narxlari 25 foizgacha oshdi. Raqobat qo‘mitasi tekshiruv boshladi
Iyul oyi davomida birja savdolarida propanning 1 tonnasi 6 mln so‘mdan 7,5 mln so‘mgacha yoki 25 foizga qimmatlashgan. Holat bo‘yicha Raqobat qo‘mitasi tekshiruv boshladi. Shuningdek, 1 avgustdan e’tiboran metan shoxobchalardagi narxlarga qo‘yilgan cheklov muddati yakuniga yetdi va bu turdagi yoqilg‘i narxi ham ko‘tarildi.
Propan narxi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida o‘rtacha 4800-5000 so‘mdan 6000-6200 so‘mgacha qimmatlashgani aytilmoqda. Bu birjada narxlar oshgani ortidan ro‘y bergan.
1 iyul holatiga propanning 1 tonnasi 6 mln 23,8 ming so‘mdan sotilgan bo‘lsa, bu 31 iyulga kelib 7 mln 538,5 ming so‘mgacha qimmatlashgan. Ya’ni iyul oyi davomida ushbu mahsulot bahosi 25,1 foizga oshgan.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, propan narxi iyul oyida 1,9 foizga, yillik hisobda 16 foizga qimmatlashgan.
Raqobat qo‘mitasi birja orqali realizatsiya qilinishi belgilangan suyultirilgan gaz mahsulotining qo‘yilishi va sotilishi yuzasidan tegishli o‘rganishlarni olib borib, qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qildi.
Rasmiy axborotda keltirilishicha, Raqobat qo‘mitasi o‘z funksiyalaridan kelib chiqqan holda birja savdolarida sotilayotgan yuqori likvidli mahsulotlarning realizatsiyasi holatini doimiy tahlil qilib keladi, xususan, suyultirilgan gazning narxlarini oshishi mumkinligini oldindan prognoz qilgan holda, uning narxini barqarorlashtirishni ta’minlash maqsadida 15 iyul kuni tegishli choralar ko‘rish yuzasidan mas’ul regulyatorga xabar yuborgan.
Avvalroq, metan gazi uchun eng baland narx belgilash muddati tugashi fonida narxlar 3750 so‘mdan respbublikaning turli hududlarida 3950 – 4250 so‘mgacha ko‘tarilgani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
10:43
O‘zbekiston 2030 yilgacha Yevropaga 10−15 mlrd kVt/s elektr energiyasi eksport qilishi mumkin
20:26 / 12.11.2024
Mirziyoyev: Yevropaga “yashil” energiya yetkazish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitim imzolaymiz
15:26 / 11.11.2024
Gazlashmagan hovlilarga svet uchun chegirma berish haqidagi hujjat loyihasi ishlab chiqildi
16:06 / 08.11.2024