O‘zbekiston | 22:25 / 05.08.2024
5679
6 daqiqa o‘qiladi

5 avgustning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Ostonda o‘tkazilayotgan “Zakovat” bellashuvlari, 20 yilga “kesilgan” “Sayidaziz medgorodok”, O‘zbekistonga qaytayotgan jaziramali kunlar, iyul oyi uchun “osh indeksi” — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Saidaziz medgorodok”ka hukm o‘qildi

Jinoyat olami va ko‘cha-ko‘yda “Saidaziz medgorodok” nomi bilan tanilgan shaxs 20 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Yunusobod tuman sudi Saidaziz Saidaliyevni 20 yilga ozodlikdan mahrum etdi. U tovlamachilik, firibgarlik, jinoiy uyushma tashkil etish va boshqa moddalar bilan aybdor deb topilib, umumiy tartibli koloniyada jazo o‘tashi belgilandi.

Sud majlisida yana 28 kishiga nisbatan hukm o‘qilgan.

Saidaziz Saidaliyev 2023 yilning 2 dekabr kuni qo‘lga olingani ma’lum qilingandi. 37 yoshli Saidaliyev sport bilan shug‘ullangan jismonan baquvvat shaxslarni o‘z atrofiga to‘plab, bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan. Xususan, qarzdorlik va boshqa muammolari bo‘lgan shaxslarning muammolarini qonunni chetlab o‘tgan holda hal qilib berish evaziga moddiy jihatdan manfaatdor bo‘lish, tahdidlar yo‘li bilan pul mablag‘larini noqonuniy qo‘lga kiritish shular jumlasidan.

Iyul oyida “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev ham 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Zakovatchi”lar — Ostonada!

Bugun, 5 avgust kuni Ostona shahrida “Zakovat Asian Cup” xalqaro turniri o‘tkazilmoqda. Unda O‘zbekiston va Qozog‘iston jamoalari bellashadi.

Turnirda O‘zbekiston prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva va Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti rahbari Komil Allamjonov ishtirok etmoqda.

Ostonadagi Oqo‘rda qarorgohida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Saida Mirziyoyevani qabul qildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilingan.

To‘qayev Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ittifoqchilik va strategik hamkorlik munosabatlariga to‘xtalib, prezidentlar administratsiyalari o‘rtasida yaqin aloqalar o‘rnatish orqali yuqori darajadagi siyosiy muloqotni samarali kengaytirish muhimligini qayd etgan.

Axborot-mafkuraviy, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalarida, shuningdek, yoshlar siyosati sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Qozog‘iston rahbari Ostonada «Zakovat» xalqaro intellektual o‘yinlari o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlagan hamda bu kabi tadbirlar xalqlarning madaniy yaqinlashuvida muhim ahamiyat kasb etishini qayd etgan.

Jaziramali kunlar qaytmoqda

Hafta o‘rtasida ayrim hududlarda havo harorati 45 darajagacha isishi kutilmoqda. «O‘zgidromet» O‘zbekiston bo‘yicha 6-8 avgust kunlari kutilayotgan ob-havo prognozini e’lon qildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechalari +22...+27 daraja, 6–7 avgust kunlari kunduzi +38...+43 daraja, 8 avgustda +36...+41 daraja bo‘ladi.

Buxoro va Navoiy viloyatlarida havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechalari +23...+28 daraja, kunduzi 6 avgustda +35...+40 daraja, ba’zi joylarda +42 darajagacha; 7 avgustda +35...+40, 8 avgustda +38...+43 daraja, ba’zi joylarda +44 darajagacha bo‘ladi.

Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechalari +21...+26 daraja, 6–7 avgust kunlari kunduzi +35...+40 daraja, 8 avgustda +37...+42 daraja bo‘ladi.

Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechasi +23...+28 daraja, 6–7 avgust kunlari kunduzi +37...+42 daraja, 8 avgust kuni +38...+43 daraja, ba’zi joylarda +45 darajagacha bo‘ladi.

Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechalari +20...+25 daraja, 6–7 avgust kunlari kunduzi +34...+39 daraja, 8 avgust kuni +36...+41 daraja bo‘ladi.

Eng arzon osh qayerda?

Statistika agentligi iyul oyida O‘zbekistonda eng qimmat va eng arzon palov qayerda tayyorlangani ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, eng qimmat palov Toshkent shahrida sotilgan bo‘lib, uning bir porsiyasi 30 ming 400 so‘m bo‘lgan. Undan keyingi o‘rinlardan Buxoro (29 ming so‘m) va Xorazm (28 ming 300 so‘m) viloyatlari joy olgan. Eng arzon osh esa Namangan viloyatida – 1 porsiyasi 20 ming so‘mdan sotilgan.

Ma’lumotlarning shakllanishi jarayonida faqatgina tanlab olingan umumiy ovqatlanish muassasalaridagi palovning o‘rtacha narxlari hisobga olingan bo‘lib, restoran va choyxonalardagi narxlar inobatga olinmagan.

Andijon mudhish avtohalokat

Andijonda HOWO yuk mashinasi temiryo‘l ko‘prigi ustuniga borib urilgan. Yo‘l-transport hodisasiga yuk mashina haydovchisi boshqaruv paytida uxlab qolgani sabab bo‘lgan.

Avariya oqibatida temiryo‘l ko‘prigiga zarar yetgan. Hech kim, jumladan haydovchi ham jarohatlanmagan.

Holat yuzasidan Andijon tumani IIB yo‘l harakati xavfsizligi guruhi xodimlari tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid