Jahon | 21:24 / 18.08.2024
3227
2 daqiqa o‘qiladi

Bir kun ichida 500 ga yaqin noqonuniy muhojir qayiqlarda Buyuk Britaniyaga kirib keldi

Britaniyada noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq vaziyat mamlakatning Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqqanidan keyin keskinlashdi.

Foto: BBC

Fransiyadan La-Mansh bo‘g‘ozi orqali bir sutka ichida 500 ga yaqin noqonuniy muhojir shishirilgan qayiqlarda Buyuk Britaniya hududiga o‘tdi.

Qayd etilishicha, oxirgi bir hafta ichida mamlakatga 1,4 ming muhojir noqonuniy yo‘llar bilan kirib kelgan, yil boshidan beri esa ularning soni 19 ming kishidan oshgan.

Buyuk Britaniyada noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq vaziyat mamlakatning Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqqanidan keyin keskinlashdi. 2018 yildan beri shishirilgan qayiqlar yordamida La-Mansh orqali qirollikka 125 mingdan ortiq noqonuniy muhojir kirib kelgan.

4 iyul kuni o‘tkazilgan parlament saylovlaridan keyin shakllantirilgan Leyboristlar partiyasi hukumati noqonuniy migratsiya oqimining oldini olish uchun YeI davlatlari bilan hamkorlikni kuchaytirishga va’da bergan.

Avvalroq Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot 2024 yil boshidan 12 avgustga qadar Yevropa Ittifoqi hududiga noqonuniy kirish bilan bog‘liq 91 ming 974 ta holat qayd etilgani — bu bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 30,6 foizga kamligini ma’lum qilgandi.

Shu bilan birga, Italiya yo‘nalishidagi ko‘rsatkichlar kamayishi fonida, bu yil Shimoliy Afrikadan Atlantika okeani bo‘ylab Kanar orollari orqali xavfli marshrut bilan kirib kelish holatlari keskin oshgan (+148 foiz). Bundan tashqari, sharqiy yo‘nalishdagi — Gretsiya orollari orqali o‘tishlar ham ko‘paygan (+57 foiz).

Mavzuga oid