Jahon | 12:03 / 28.08.2024
5425
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya matbuoti Ukraina Belgorod viloyatiga yorib o‘tishga uringani haqida xabar berdi

Belgorod viloyati chegarasidagi vaziyat «murakkab, ammo nazorat ostida», dedi gubernator Vyacheslav Gladkov. Hukumatga yaqin OAV chegara zonasida janglar ketayotgani haqida xabar bergan.

Foto: SCANPIX

Rossiya hukumatiga yaqin OAV va Z-blogerlar 27 avgust, seshanba kuni Belgorod viloyati chegarasida janglar ketayotgani haqida xabar berdi. Viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkov ham Ukraina qurolli kuchlarining chegarani buzib o‘tishga urinishiga izoh berdi.

«Dushman Belgorod viloyati chegarasini buzib o‘tishga urinayotgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi, Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, harbiylarimiz rejali ishlarni amalga oshirmoqda. Xotirjam bo‘ling va faqat rasmiy ma’lumot manbalariga ishoning», deyiladi Gladkovning Telegram-kanalidagi xabarida. 

Avvalroq Rossiya xavfsizlik kuchlariga yaqin bo‘lgan Mash Telegram-kanali Ukraina qurolli kuchlarining 500 ga yaqin kishidan iborat guruhi chegarani buzib o‘tishga uringani haqida xabar berib, jangchilar orasida «Polsha, Gurjiston va AQShdan kelgan xorijlik yollanma askarlar borligi»ni bildirgandi. Mash ma’lumotlariga ko‘ra, Nexoteyevka qishlog‘i hududida bir nechta piyoda jangovar mashinalarda 200 nafar ukrainalik askarlar jang qilgan, go‘yo yana 300 nafari «Shebekino» nazorat punktiga hujum qilishga uringan. 

O‘z navbatida, xavfsizlik kuchlariga yaqin bo‘lgan yana bir Telegram-kanal -  Shot Nexoteyevkaga qilingan hujum qaytarilgani, «Shebekino» nazorat-o‘tkazish punktida esa to‘qnashuvlar bo‘lmagani haqida xabar berdi. Shot boshqa raqamlarni ham keltirdi: uning ma’lumotlariga ko‘ra, Nexoteyevkaga 60 ga yaqin ukrainalik harbiy xizmatchilar va sakkizta zirhli texnika yaqinlashgan. Ba’zi harbiy kanallar Juravlevka qishlog‘i hududidagi janglar haqida ma’lumot tarqatdi. Kremlga yaqin harbiy bloger Vladimir Romanovga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari hujum uyushtirishga uringan, biroq qaytarilgan. 

«Pepel» Belgorod Telegram-kanalining xabariga ko‘ra, Belgorod va Borisov tumanlarida artilleriya ovozi eshitilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Shebekino hududida to‘qnashuvlar kuzatilmagan.

Mavzuga oid