Jahon | 16:14 / 03.09.2024
45108
9 daqiqa o‘qiladi

“Jahannam darvozasi”. Turkmanistondagi eng diqqatga sazovor joylardan biri bo‘lgan gaz krateri haqida nimalar ma’lum?

Qoraqum cho‘lida joylashgan kraterdagi olov necha yillardan beri o‘chgani yo‘q. Minglab sayyohlarni o‘ziga tortayotgan obekt qachon va qanday paydo bo‘lgan? U yerga qanday boriladi?

Foto: Alec Connah/Solent News/Shutterstock

Sanoat avariyasi kamdan kam hollarda yirik turistik obektni hosil qilishi mumkin. Shunday hodisalardan biri Turkmanistonda yuz bergan. Bundan 50 yil avval sovet razvedka guruhi tabiiy gaz qidirib, mamlakatda quduqlar qazishga kirishganda, zanjir reaksiyasi yuzaga kelgani aytiladi, natijada Darvoza gaz krateri — ulkan olovli tuynuk paydo bo‘lgan. Bir necha yillardan buyon bu tuynuk Turkmanistondagi eng diqqatga sazovor joylardan biri bo‘lib kelmoqda.

Krater “Jahannam darvozasi” va “Qoraqum yog‘dusi” nomlari bilan ham ataladi. O‘raning tubi va devorlaridagi yuzlab teshiklardan doimiy ravishda alanga otilib turadi. Uning yaqinida turib, kraterdan chiqayotgan kuchli issiqlikni his qilish mumkin. Lovullayotgan olov ayniqsa, tunda, yulduzli osmon ostida dahshatli manzara hosil qiladi.

Turkmanistonga safar qilgan deyarli barcha mehmonlar Qoraqum cho‘lidagi qumtepaliklar bilan o‘ralgan ushbu kraterda to‘xtab o‘tadi.

Darvozaga turistlar kelishni boshlagan dastlabki yillarda hududda birorta ham sayyohlik xizmati bo‘lmagan, tunash uchun zarur narsalarning barchasini ular o‘zi bilan olib kelishga majbur edi. Hozir esa krater yaqinida uchta lager mavjud, ular tunash uchun o‘tov yoki chodir, oziq-ovqat, piyoda yurishni xohlamaydiganlarga transport taklif qilishadi.

Kraterning kengligi taxminan 70, chuqurligi esa 30 metr. Uning tubi toshloq maydonchani eslatadi. Tashrif buyuruvchilar yonayotgan voronkaga juda yaqin kelmasligi uchun 2018 yilda tuynuk chetiga himoya to‘sig‘i o‘rnatildi.

Qoraqum — krater yaqinida joylashgan uchta lagerdan biri.
Foto: Joe Yogerst

Turkmaniston hukumati kraterni berkitish chorasini topish haqida bir necha bor gapirgan. Darvozaga ko‘p yillardan beri keladiganlarning aytishicha, hozir krater alangasi ilgarigidan ancha past.

“Tuynukda hozir men u yerga birinchi marta borganimdagi (2009 yil) alanganing atigi 40 foizi qolgan”, - deydi britaniyalik Dilan Lyupin. Uning Lupine Travel sayyohlik kompaniyasi Turkmanistonga turistlarni jalb qilishda yetakchilardan hisoblanadi.

“O‘shanda kraterdagi olov ancha katta maydonni qoplardi. Hozir u kichikroq, alanga ham ilgarigidek balandmas”.

Mahalliy gidlardan biri so‘nggi yetti yil ichida alanga zaiflashib borayotganini tasdiqladi.

Ammo bu kraterning jozibasini kamaytirmaydi. Ayniqsa, qum bo‘roni atrofni qoplagan paytda ham yer qa’ridagi olovning miltillab turishi kishini hayratga soladi.

Kraterning paydo bo‘lishi sirligicha qolmoqda

Gaz krateri qachon paydo bo‘lganini hech kim aniq bilmaydi, chunki sovet davridagi hisobotlar yo‘q qilingan yoki chala va haligacha maxfiy saqlanadi.

“Hodisa qanday boshlangani haqida ko‘plab munozaralar va qarama-qarshi fikrlar mavjud” — deydi kanadalik sayyoh va teleboshlovchi, gaz kraterining ichki qismini o‘rgangan yagona taniqli shaxs Jorj Kurunis.

“Hatto nimaga ishonishni ham bilmayman. Bu joyga aloqador qanchadan-qancha afsona va rivoyatlar bor”.

Kurunisning aytishicha, eng keng tarqalgan nazariyaga ko‘ra, krater 1971 yilda paydo bo‘lgan va ko‘p o‘tmay yonishni boshlagan.

“Ammo Turkmanistonda vaqtim biz bilan birga kraterga hukumatdan ikki nafar geolog keldi. Ular menga krater aslida 1960 yillarda paydo bo‘lganini, undan ancha vaqt davomida gaz chiqqanini, 1980 yillarga kelibgina yong‘in boshlanganini aytdi”, - dedi u.

Gaz qanday qilib yonishni boshlagani — alohida jumboq.

“Ba’zilarning aytishicha, bunga qo‘l granatasi sabab bo‘lgan”, - deya qo‘shimcha qildi Kurunis. “Boshqalar esa, sovetlar shunchaki u yerga gugurt chaqishganini aytadi. Mast fermer traktorda kraterga kirgani haqidagi hikoyani ham eshitganman”.

Mahalliy gid boshqa nazariyani ilgari surdi:

“Eshitishimcha, o‘sha paytlarda yaqin orada qishloq bo‘lgan, ular gaz hidi havoni buzishini istamagan, shu sababli kraterga o‘t qo‘ygan. Odamlar gaz bir-ikki hafta ichida yonib ketadi deb o‘ylashgan”.

“Jahannam darvozasi” Turkmaniston poytaxti Ashxoboddan to‘rt soatlik masofada joylashgan.
Foto: Iwanami_Photos/iStockphoto/Getty Images

Yonayotgan kraterga tushishdan tashqari, Kurunis National Geographic tomonidan moliyalashtirilgan ilmiy missiyada ishtirok etdi. Ular bunday muhitda omon qolishga qodir hayot shakllarini izladi. Kraterdan olingan tuproq tahlil qilingach, unda bakteriyalar va termofillar kabi oddiy organizmlar aniqlandi.

Darvozaga qanday boriladi?

Gaz krateri mamlakat poytaxti Ashxoboddan to‘rt soatlik masofada joylashgan. Ikki chiziqli notekis tosh yo‘l va Darvozaga olib boradigan qumli yo‘llardan o‘tish uchun to‘xtamaslik tavsiya etiladi.

Yo‘lda daydi tuyalarni tez-tez uchratish mumkin.

Ashxoboddan chiqqach, yo‘l bo‘yida olis Bokurdak va Yerbent qishloqlaridagi do‘konlardan boshqa oziq-ovqat g‘amlaydigan joy yo‘q.

Darvoza lageri – tunash uchun uchta variant ichida eng hashamatlisi. Krater chekkasidan taxminan besh daqiqalik masofada joylashgan lager karavotlar va stullar bilan jihozlangan o‘tovlar, salqin yemakxona va biohojatxonalarni taklif qiladi.

Kraterning qarama-qarshi tomonida Garagum lageri joylashgan bo‘lib, u yerda mehmonlarni an’anaviy turkman gilamlari to‘shalgan o‘tovlar, quyosh batareyalari bilan ishlaydigan chiroqlar va ochiq osmon ostida stolga tortiladigan kechki taom-barbekyular kutadi.

Krater chekkasidan Garagumgacha taxminan 10 daqiqalik yo‘l. Lagerdan sal nariroqda kichkina qoyali tog‘ bor, u yerda tashrif buyuruvchilar qush parvozi balandligidan turib “Jahannam darvozasi”ni tomosha qilishi mumkin.

“Darvozaga tunda kelish eng maqbuli” - deydi sayohatchi Ged Gillmor. “Sahroda bir necha soat yo‘l bosgandan keyin uzoqdan aql bovar qilmas manzarani ko‘rasiz. Atrofda undan boshqa birorta yorug‘lik yo‘q, o‘zingizni haqiqatan jahannam darvozasi oldida turgandek his qilasiz”.

Kraterdan sal nariroqda shunga o‘xshash boshqa tuynuklar ham bor, ammo ular “Jahannam darvozasi”dek ta’sirli emas.

Gaz krateri yo‘q qilinadimi?

Foto: darkydoors/iStockphoto/Getty Images

Turkmaniston hukumati yong‘inni o‘chirib, Darvozani tabiiy gaz qazib oladigan joyga aylantirmoqchiligi haqida ko‘p yillardan beri gap-so‘zlar yuradi.

2022 yilda “Neytral Turkmaniston” davlat gazetasi prezident vazirlar mahkamasiga yong‘inni o‘chirish yo‘lini topish uchun olimlar bilan maslahatlashishni topshirgani haqida xabar bergandi. Bunga sabab sifatida qimmatli tabiiy resurslarning behuda sovurilishi, atrof-muhitga yetkazilgan zarar va sog‘liq bilan bog‘liq muammolar ko‘rsatilgan.

O‘shandan beri kraterning yopilishi haqida ko‘plab muhokamalar o‘tkazildi, ammo hukumat yaqin orada olovni o‘chirmoqchi ekaniga aniq dalillar yo‘q.

Ba’zilarning ta’kidlashicha, hukumat allaqachon yaqin atrofda tadqiqot qudug‘ini qazigan, u esa kraterdan oqib chiqayotgan gazning katta qismini tortib olgan va alanga darajasini sezilarli darajada pasaytirgan.

“Bu shunchaki mish-mish”, — deydi mahalliy gid. “Hozircha uning yopilishi haqida rasmiy ma’lumot yo‘q”.

“O‘rani sement yoki ko‘pik bilan to‘ldirishi mumkin, lekin gaz boshqa joydan chiqib ketadi. Uni qanday yopish mumkin, yopsa bo‘ladimi o‘zi, bilmaymiz”

Bu yil kraterga qayta tashrif buyurgan Lyupin Darvoza tugatilishi mumkin, degan fikrga qo‘shiladi.

 “Odamlar orasida katta xavotir bor, chunki ularning fikricha, krater o‘chirilsa, Turkmanistonda turizm jiddiy zarar ko‘radi va mahalliy aholining aksariyati ishsiz qoladi”, — dedy Lyupen.

Ayni paytda gaz krateri Qoraqum cho‘lidan uzoq va mashaqqatli yo‘l bosib kelayotgan mehmonlarni hayratda qoldirishda davom etmoqda.

Mavzuga oid