Jahon | 19:44 / 12.09.2024
1392
7 daqiqa o‘qiladi

Yerosti va yerusti inshootlari: Daniya poytaxti toshqinlardan himoyalanish uchun ulkan infratuzilma qurmoqda

Iqlim o‘zgarishi tufayli yaqin o‘n yilliklarda Kopenhagen kuchli yog‘ingarchiliklar ostida qoladi. Shahar shiddatli sel-yomg‘irlarga dosh berish uchun qanday choralarni ko‘rmoqda?

Foto: Euronews

2011 yil 2 iyulda Kopenhagenga “ming yillik yomg‘ir” yog‘di. Bir necha daqiqada ko‘cha va binolarni suv bosib, qariyb bir milliard yevro zarar yetkazdi.

“O‘sha yili iqlim o‘zgarishi Kopenhagenga jiddiy ta’sir qilishini angladik va sodir bo‘lgan hodisaning oqibatlarini chuqur tahlil qildik. Yog‘ingarchilik miqdori 30 foizga oshishi, jala quyish holatlari ko‘payishi kutilmoqda, bu esa shaharga keng ko‘lamli ta’sir ko‘rsatadi”, — deb tushuntirdi Kopenhagenda iqlim o‘zgarishiga moslashish rejasini amalga oshirish loyihasi direktori Yan Rasmussen.

10 yildan ko‘proq vaqt muqaddam Kopenhagenda kuchli yomg‘ir suvini boshqarish bo‘yicha ko‘p milliard yevrolik reja ishga tushirildi. Shahar vayronkor yomg‘irlarga (30 daqiqada 15 millimetrdan ortiq) qarshi kurashni yaxshilashga qaratilgan rejani amalga oshirishga kirishdi. Poytaxtning “jala suvlarini boshqarish rejasi” bir qator kichik va yirik yechimlarni o‘z ichiga oladi: texnik va tabiatni muhofaza qilish, yerusti va yerosti.

Shaharda suv qochirish tizimining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish uchun bir nechta yerosti tunnellarini qurish boshlandi. Ulardan biri Kopenhagenning ichki ko‘llarini uzoq bandargoh bilan bog‘laydigan 1,3 kilometr uzunlikdagi tunnel bo‘lib, uning qurilishi 2026 yilda yakunlanadi.

Kopenhagenda yomg‘ir suvini chiqarib yuborish uchun qurilayotgan tunnelning nasos stansiyasi.

“Shaharda yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lganda, tunnelni suv ombori sifatida to‘ldirishimiz mumkin. Keyinchalik uni suv tozalash inshootiga yo‘naltirsa bo‘ladi. Kuchli jala paytida esa tunneldagi suv bandargohga oqiziladi va inshoot transport vazifasini bajaradi”, — dedi yirik rejalarni amalga oshirayotgan HOFOR kompaniyasining iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha mutaxassisi Ditte Raynhold Yensen.

Kopenhagen markazida yomg‘ir suvlarini olib ketish uchun qurilayotgan 2-3 metr kenglikdagi tunnel.

Tunnelning qiymati 43 million yevroga baholanmoqda. “Qurilish xarajatlari biz oldini olayotgan zararni qoplaydi”, — deydi Ditte.

HOFOR xabariga ko‘ra, Valbi hududidagi bunday tunnel 2024 yil 4 avgust kuni yog‘gan yomg‘ir paytida o‘z samaradorligini isbotlagan.

Suv resurslarini boshqarish uchun yer usti yechimlari

Kopenhagenda yer usti yechimlari ham amalda sinab ko‘rildi, jumladan, aholi yashaydigan hududlarda yomg‘ir suvini yig‘uvchi maydonchalar qurildi. Bundan tashqari, suv o‘tkazadigan asfalt turlari ham sinovdan o‘tkazildi.

Ayrim parklar bo‘ronli ob-havoga to‘liq moslashtirildi. Qariyb asr avval bunyod etilgan tarixiy Engave bog‘i 22 600 metr kub suvni sig‘diradigan omborga aylantirildi, bu sakkizta Olimpiya basseyniga teng.

Yomg‘ir paytida ortiqcha suv bog‘dagi futbol maydoniga oqib tushadi.

Loyiha shaharning turli hududlarida suv oqimini o‘rganishga qaratilgan keng qamrovli tadqiqotlar natijasi hisoblanadi. Park Karlsberg tumanidan quyiroqda joylashgan bo‘lib, 3000 kub metr suvni o‘zida saqlay oladi. Haddan tashqari ko‘p yomg‘ir yog‘ganda, ortiqcha suv oqim bo‘ylab pastga, ushbu parkka oqib tushadi.

“Dastlab suv futbol maydonini, keyin ko‘lni to‘ldiradi. Undan keyin gulzorga tushadi. Agar bu yetarli bo‘lmasa, bog‘ darvozasi yopiladi va butun park suvga to‘ladi”, — deb tushuntirdi Yan Rasmussen.

Park darvozalaridan biri

Loyiha tashkilotchilari ta’kidlashicha, parkda saqlanib qolgan ko‘l, futbol maydoni va daraxtzorlar tufayli bu joy ko‘rinishidan suv g‘amlash inshootlari majmuasiga o‘xshamaydi.

“Ushbu loyihani shahar me’morlari bilan muhokama qilganimizda, bog‘ni albatta saqlab qolish zarurligini aytdik va bunga erishdik. Bu bog‘ suv omboriga mutlaqo o‘xshamaydi”, — deya qo‘shimcha qildi Rasmussen.

Bog‘ o‘zining asl qiyofasini saqlab qolgan, masalan, u yerda mana bunday ko‘l bor.

Engave bog‘ining quyi qismidagi suvdan ko‘chalarni yuvish uchun foydalanish mumkin. “Issiqlik kuchayishi ham kutilmoqda, shu sababli barcha masalalarni yagona rejaga birlashtiryapmiz”, — dedi Yan.

Uning aytishicha, Daniya poytaxti iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha o‘z tajribasini ulashish maqsadida C40 va yana qator tashkilotlar orqali boshqa shaharlar bilan hamkorlik qilmoqda.

“Bu masala ustida boshlangan ishlar endi xotirjam bo‘lishimiz mumkinligini anglatmaydi. Kelajakdagi yomg‘irlarni yengish uchun doimiy ravishda harakat qilish kerak”, — deydi HOFOR xodimi Ditte Reynxold Yensen.

Yanada tizimli yondashuv yo‘lida

Aprel oyida Yevropa atrof-muhit agentligi 2024 yilda shaharlarning iqlim o‘zgarishiga moslashishi bo‘yicha hisobotini e’lon qildi, unga ko‘ra shaharlar iqlim xavflaridan himoyalanish uchun ko‘proq harakat qilishi va shahar jamiyati barqarorligiga sarmoya kiritishi kerak.

Kopenhagenning aholi yashovchi hududida yaratilgan yomg‘ir yig‘uvchi maydoncha.

“Bugungi ko‘plab harakatlar hali ham loyihalar doirasida amalga oshirilmoqda. Biz ularni yanada tizimli qilishimiz kerak. Bu shaharlar uchun murakkab vazifa, ammo vaqt o‘tishi bilan yanada ko‘proq ishlar qilishga to‘g‘ri keladi”, — deydi agentlikning iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha eksperti Voter Vanevil.

U shaharlarda yog‘ingarchilik suvlarining to‘planib qolishiga qarshi turish uchun yashil o‘simliklar sonini ko‘paytirishga, shuningdek, suvni favvoralar va kanallar shaklida saqlashga chaqirdi.

Kopenhagendagi Yevropa atrof-muhit agentligi eksperti Voter Vanevilning ta’kidlashicha, Yevropada iqlim xatarlari kuchayadi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2021, 2022 va 2023 yillar ekstremal ob-havo hodisalari, xususan, suv toshqinlari tufayli eng katta iqtisodiy yo‘qotishlarga duch kelgan davrlar qatoriga kirdi.

“Yer yuzida juda ko‘p voqealar sodir bo‘lmoqda. Yirik shaharlar yillar davomida rejalar ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Ammo endi maxsus jamoa tuzishga yetarlicha resursi yo‘q kichik shaharlar uchun ham ularni amalga oshirishga kirishish vaqti keldi. Ko‘p ishlar qilib bo‘lingan, biroq hali bundan ham ko‘p vazifalarni bajarish kerak”, — deya xulosa qildi Yevropa atrof-muhit agentligi eksperti.

Mavzuga oid