Jahon | 20:06 / 18.09.2024
10127
7 daqiqa o‘qiladi

Dronlar Tver oblastiga hujum qildi. U yerda raketa arsenali joylashgan

18 sentabrga o‘tar kechasi Tver oblasti Toropets shahrida dronlar hujumi tufayli qisman evakuatsiya e’lon qilindi. Shaharda portlash sodir bo‘lgan, keyin esa kuchli yong‘in yuzaga kelgan. Katta ehtimol bilan, Toropetsda raketalar va boshqa o‘q-dorilarning yirik arsenaliga hujum qilingan. Rossiya hukumati o‘q-dorilar omborida portlash bo‘lganini tasdiqlamayapti.

Toropetsda tunda ro‘y bergan yong‘in to‘g‘risida Tver oblasti gubernatori Igor Ruden xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, olov «havo hujumidan mudofaa kuchlari ishlashi vaqtida urib tushirilgan dronlardan birining parchalari tushishi oqibatida» ro‘y bergan. U qanday obekt hujumga uchraganiga aniqlik kiritilmagan.

Rossiyalik gubernatorlar so‘nggi oylarda ukrain dronlari u yoki bu obektga hujum qilganida doimo dron urib tushirilgani, obektga — masalan, neft bazaga uning parchalari tushgani haqida aytishadi.

Telegram-kanallar esa mahalliy aholi vakillariga tayangan holda Toropetsda dronga xos ovoz eshitilgani, uning ortidan portlash ro‘y bergani haqida xabar qilishmoqda. Keyinroq Tver oblasti hukumati ma’lum qilishicha, rasmiylar aholining bir qismini «havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlayotgan va yong‘inga qarshi kurash olib borilayotgan hududlar»dan evakuatsiya qilishga qaror qilgan.

Toropets ma’muriyatining «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozilishicha, aholi qo‘shni Zapadnaya Dvina shahriga ko‘chirilmoqda. U yerda, mahalliy ma’muriyat xabariga ko‘ra, 18 sentabr kuni maktablar va bolalar bog‘chalari yopilgan.

Rossiya mudofaa vazirligi tongda 18 sentabrga o‘tar kechasi Rossiya regionlarida 54 ta uchuvchisiz uchar qurilmalar urib tushirilgani haqida xabar bergan. Vazirlik o‘z hisobotida Kursk, Bryansk, Smolensk, Belgorod va Orlov oblastlarini keltirgan, ammo Tver oblasti haqida indamagan.

Rossiya va Ukrainadagi telegram-kanallarga ko‘ra, Toropetsda o‘q-dorilar omboriga hujum qilingan bo‘lishi mumkin. Kanallarda dronning kichik zaryadi emas, o‘q-dori detonatsiyasini eslatuvchi kuchli portlash videosi tarqalgan.

Video mahalliy aholi vakillari tomonidan olingan, kadr ortida ularning o‘zaro gaplashgani eshitiladi. Toropetsliklar o‘tiradigan telegramdagi chatlardan birida ham kuchli portlash haqida gap boradi.

Toropetsda o‘q-dorilar, raketalar va boshqa portlovchi moddalar saqlanadigan yirik arsenal mavjud. Bu rasmiy ma’lumot bo‘lib, Rossiya davlat nashrlari ham raketa arsenali haqida ko‘p bor yozishgan.

Rossiya hukumati qurollar arsenalidagi portlash haqida xabar bermagan.

BBC ukrain xizmatining Ukraina xavfsizlik xizmatidagi manbasi ukrain dronlari Tver oblastida «Iskander» va «Tochka-U» raketalari, shuningdek, nishonga o‘zi boruvchi aviabombalar «ombori yo‘q qilingani» haqida aytgan.

«Eng yuqori darajadagi jahon standartlariga javob beradi»

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, Toropetsdagi kompleks saqlash arsenali qurilishi bir necha yil oldin yakunlangan. «Spetsstroy» baholariga ko‘ra, uning ishga tushirilishi uchun 3,6 mlrd rubl sarflangan.

Arsenal 2012 yilda Rossiya mudofaa vazirligi yo‘lga qo‘ygan, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarning ochiq havoda saqlanishini bartaraf etishga qaratilgan, o‘q-dorilarni saqlash tizimini takomillashtirish maqsadidagi maqsadli dastur doirasida qurilgan.

Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, arsenal «eng yuqori jahon standartlariga mos keladi» va raketa hamda o‘q-dori zaxiralarini tashqi ta’sirlardan himoyalash, ularning  xavfsizligini, yong‘in va portlash xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi.

Arsenalda sovitish va isitish xonalari, elektr nimstansiyalar, tozalash inshootlari, suv va yonilg‘i saqlash uchun rezervuarlar, shuningdek 100 dan ortiq o‘t o‘chirish vaqtida foydalaniladigan suv saqlagichlar mavjud.

Astra telegram-kanali tasdiqlashicha, dronlar Toropets shahridagi harbiy qismga may va iyul oylaridayoq hujum qilgan, buning natijasida portlash va yong‘inlar ro‘y bergandi.

Toropets — 1000 yillik tarixga ega shahar bo‘lib, aholisi soni 11 mingdan oshiqni tashkil etadi.

Gubernator shaharga kirish ochilgani, dronlar hujumi oqibatida halok bo‘lganlar va jiddiy jarohatlanganlar yo‘qligini ma’lum qilgan. Ammo keyinroq Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri yordamchisi Aleksey Kuznetsov dron parchalari tushishi oqibatida 13 kishi shifoxonaga yotqizilgani, ularning holati o‘rta og‘irlikda ekanini ma’lum qildi.

Ukrain dronlari qanday qilib harbiy omborlarga zarba bera olmoqda?
BBC rus xizmati harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev

Harbiy mavzularga ixtisoslashgan blogerlar norozi: Toropetsdagi portlash ro‘y bergan arsenalning tasvirlarini internetdan oson topish mumkin edi.

«Bir tanishim menga Toropetsdagi omborning sun’iy yo‘ldosh orqali olingan fotolarini yubordi. Batafsil ko‘rsatilgan, — deya yozadi harbiy ko‘ngilli va politolog Aleksey Jivov. — Ko‘p narsa ochiq osmon ostida yotibdi va oson farqlash mumkin, raketalar bir joyda, boshqa joyda snaryadlar va hokazo. Men undan so‘rayman: „Bu sifatdagi fotosuratlarning barchasini qayerdan olding?“ Bilasizmi, qayerdan olgan? Yandex va Google xaritalardan. Bu masalada so‘kinmay turolmaysan kishi. Men shunchaki nima bo‘lganini tushunmayapman», — deydi u g‘azab bilan.

Agar o‘q-dorilar qayerda joylashgani Yandex va Google xaritalarida ko‘rinib turgan bo‘lsa, unda harbiy sun’iy yo‘ldoshlar ularni yanada yaqqol ko‘rgani turgan gap. Ammo raketalar va snaryadlar nega hamma ko‘radigan joyda, ochiq osmon ostida joylashtirilgan?

Bu savolga javob tayin. Ukrainada va Kursk oblastida harbiy harakatlar faollashishi bilan Rossiya qo‘shinlarining o‘q-dorilarga ehtiyoji keskin ko‘tarildi, ular to‘xtovsiz harbiy harakatlar maydoniga yetkazib berilmoqda. Qurollar mudofaa zavodlaridan omborlarga ham xuddi shunday intensivlikda tashilmoqda.

Bunday sharoitda harbiy yuklar oqimini boshqara olmaslik ehtimoli yuqori — shunday vaziyat yuzaga kelgan bo‘lishi mumkinki, o‘q-dorilarning navbatdagi partiyasi kelganida yerostidagi omborlardagi o‘q-dorilarni olib chiqib ketishga ulgurishmagan bo‘lgan.

Ukraina chegarasidan Toropetsdagi Raketa va artilleriya bosh boshqarmasining 107-arsenaliga qadar masofa — kamida 500 km. Ukrainaning «Lyutiy» zarbdor droni bunday masofani uch soat ichida bosib o‘ta oladi, bunday dronlar bungacha bir necha bor Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlaridan o‘tib ketgan.

Rossiya rasmiylari Toropetsdagi raket arsenaliga yo‘llangan zarba haqidagi ma’lumotni tasdiqlamayapti, Ukraina xavfsizlik xizmati esa Ukraina nashrlariga bu haqda anonim tarzda ma’lumot bergan.

Mavzuga oid