Jahon | 21:56 / 18.09.2024
769
3 daqiqa o‘qiladi

Instagram o‘smirlar uchun ota-onalar nazoratidagi akkauntlarni joriy qilmoqchi

O‘smirlar akkauntida kattalarnikiga nisbatan bir qator cheklovlar mavjud bo‘ladi.

Foto: iStock

Instagram ijtimoiy tarmog‘i 13-17 yoshli o‘smirlar uchun ularning ota-onasi nazorat qila oladigan akkauntlar joriy etilishini e’lon qildi. O‘zgarishlar haqida Instagram rahbari Adam Mosseri Good Morning America dasturi jonli efirida aytib o‘tdi.

O‘smirlar akkauntlarida kattalarnikiga nisbatan bir qator cheklovlar mavjud bo‘ladi. Bunday akkauntlar faqat o‘zlari obuna bo‘lgan yoki ilgari muloqot qilgan shaxslardan xabarlarni qabul qila oladi.

Shuningdek, o‘smirni faqat unga obuna bo‘lgan akkauntlar teg qilishi mumkin. Bundan tashqari, Instagram’dagi o‘smirlar akkauntlari kechqurun soat 22:00 dan ertalab soat 7:00 gacha “uyqu rejimi”ga o‘tadi. Bu vaqtda bildirishnomalar o‘chiriladi, xabarlarga avtomatik javoblar yuboriladi va ijtimoiy tarmoqni yopish kerakligi haqida ogohlantirish ko‘rsatiladi. Shunday ogohlantirishlar kunduz kuni ham, o‘smir Instagram’da bir soat vaqt o‘tkazgandan so‘ng paydo bo‘ladi.

O‘smirning ota-onasi o‘z telefonlaridan uning akkauntiga kirishi va Instagram yoki Threads’da o‘tkaziladigan vaqt limitlarini belgilashi mumkin bo‘ladi. Bunda ota-onalar qidiruv tarixi va chatlarni ko‘ra olmaydi, postlar yozmaydi yoki akkaunt parolini o‘zgartirmaydi, deyilgan xabarda.

Cheklovlar ijtimoiy tarmoqdan avvaldan foydalanib kelayotgan o‘smirlar uchun ham, yangi foydalanuvchilar uchun ham joriy etiladi. Bunda 16 yoshdan kichik foydalanuvchilarning mavjud akkauntlari avtomatik ravishda yopiq rejimga o‘tkaziladi va ularni ommaga ochish uchun ota-onalarning ruxsati kerak bo‘ladi.

16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar faqat ota-onalarining ruxsati bilan o‘z akkauntlari sozlamalarini “kattalarnikiga” o‘zgartirishlari mumkin. 16-17 yoshlilar, agar akkauntda ota-ona nazorati bo‘lmasa, sozlamalarni mustaqil ravishda o‘zgartira oladi.

Ushbu sozlamalar o‘smirlarning Instagram’dagi xavfsizligini ta’minlash, nomaqbul kontaktlarni cheklash, ularning yoshiga mos kontentni ko‘rsatish va ularga Instagram’dagi vaqtini boshqarishda yordam berish uchun mo‘ljallangan”, — deyiladi ijtimoiy tarmoq xabarida.

O‘zgartirishlar o‘n millionlab foydalanuvchilarga ta’sir qilishi kutilmoqda. Cheklovlar 60 kun davomida AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliyada, yanvar oyidan esa boshqa hududlarda joriy etiladi. Instagram, Facebook va WhatsApp’ga egalik qiluvchi Meta kompaniyasi yaqin oylarda boshqa ilovalar uchun ham xuddi shunday yangi qoidalarni joriy etishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid