Jamiyat | 10:00 / 22.09.2024
3280
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon va Xorazm viloyatlarida energiya resurslaridan noqonuniy foydalangan korxonalar aniqlandi

Uchta holatda qariyb 600 mln so‘mlik elektr energiyasi noqonuniy ishlatilgan.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Andijon viloyatida ikkita, Xorazm viloyatida bitta korxona energiya resurslaridan noqonuniy foydalangani aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, departamentning Baliqchi tumani bo‘limi, ETK va boshqa mas’ul idoralar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda tumandagi “I.S.” MChJ mas’ul shaxslari va boshqalar MChJ qarashli yog‘ni qayta ishlash zavodida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida ulanib, 250 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Departamentning Izboskan tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda YaTT B.N. va boshqalar "Ovulmat" MFYda joylashgan novvoyxonada umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga tijorat maqsadida to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib, 149,3 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Shu kabi, departamentning Xonqa tumani bo‘limi tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “G.” MChJga qarashli Urganch tumani, Killavut mahallasida joylashgan dam olish maskanida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida elektr hisoblagichdan tashqari ulanib, 160,7 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid