Jahon | 14:01
8844
3 daqiqa o‘qiladi

Lavrov samolyotiga xorijda yonilg‘i quyishdan bosh tortishayotganidan shikoyat qildi

Xorijiy kompaniyalar ikkilamchi sanksiyalardan xavfsirab, Rossiya tashqi ishlar vaziri bortiga xizmat ko‘rsatishdan bosh tortmoqda, dedi Sergey Lavrov.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov parvoz qiladigan «Rossiya» maxsus parvoz otryadining samolyoti Ukrainada urush boshlanganidan keyin kiritilgan sanksiyalar tufayli boshqa mamlakatlarda yonilg‘i quyishda muammolarga duch kelmoqda. Bunday qiyinchiliklar, xususan, Janubiy Afrika va Braziliyada yuzaga kelgan, dedi vazir 14 noyabr, payshanba kuni jurnalist Marina Kim bilan «Novyy mir» loyihasi uchun chop etilgan intervyusida.

Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yilda u Yoxannesburgdagi BRIKS sammitida Rossiya prezidenti Vladimir Putin nomidan ishtirok etish uchun Janubiy Afrikaga borganida, ortga qaytish bo‘yicha «butunboshli hodisa» ro‘y bergan. «Ma’lum bo‘lishicha, aviatsiya yonilg‘isi bilan ishlaydigan deyarli barcha kompaniyalar Janubiy Afrikaga tegishli emas», — dedi Lavrov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, xuddi shunday holat uning BRIKSning boshqa davlati – Braziliyaga tashrifi chog‘ida ham sodir bo‘lgan. «Yonilg‘i quyishning iloji bo‘lmadi. Albatta, bu odamning g‘ashiga tegadi», dedi vazir.

«G‘azab kuchaymoqda»

Sergey Lavrov uchinchi davlatlar ikkilamchi sanksiyalardan qo‘rqsa-da, u yerda cheklov choralariga rioya qilish zarurati tufayli «muqarrar ravishda o‘z suvereniteti uchun norozilik shakllanyapti va kuchayyapti», deb ishonch bildirdi. «Dunyodagi mamlakatlarning yarmidan ko‘pi sanksiyalar ostida. Albatta, ular Rossiya, Shimoliy Koreya, Eron va Venesuelaga nisbatan qo‘llangan sanksiyalar kabi emas. Ular hozir bunday darg‘azab ekanining sababi - Xitoy Amerikani tez va ishonchli tarzda ortda qoldirib ketmoqda», dedi Tashqi ishlar vazirligi rahbari.

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri G‘arb davlatlari Rossiya iqtisodiyotining butun tarmoqlariga sanksiyalar joriy qildi, Yevropa Ittifoqi esa rus samolyotlari uchun osmonini yopdi. AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya tomonidan Lavrovga qarshi shaxsiy sanksiyalar qabul qilingan.

Mavzuga oid