O‘zbekiston | 15:15 / 20.10.2025
913
4 daqiqa o‘qiladi

Har bir tumanda namunali hududlar tashkil etish rejalashtirilyapti

Prezidentning "Ayrim tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. 

Foto: Kun.uz

Hujjat bilan "Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)" maqomini olgan holda aholining  yashashi va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun namunali hududlarga aylantiriladigan tumanlar (shaharlar) ro‘yxati tasdiqlandi.

"Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)" loyihasi doirasida har yili:

  • mavjud xomashyo zaxiralaridan to‘liq foydalangan holda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va sanoat zonalari quvvatlarini kengaytirish hisobiga sanoatning joriy o‘sish sur’atlariga nisbatan kamida 2-3 foiz o‘sish ta’minlanadi;
  • kamida 50 mln AQSh dollari ekvivalentidagi investitsiyalarni jalb qilgan holda oziq-ovqat, mebelsozlik, qurilish materiallari, tikuvchilik va boshqa ixtisoslashtirilgan yo‘nalishlarda kamida 10 tadan yirik investitsiya loyihalari ishga tushiriladi;
  • ilgari o‘z mahsulotlari bilan tashqi bozorlarga chiqmagan kamida 3-5 ta korxona eksport faoliyatiga jalb etiladi;
  • xorijiy davlatlardan texnolog, marketolog, brend-menejer kabi mutaxassislarni jalb qilgan holda kamida bitta korxonada milliy brend mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi;
  • 10 nafardan tadbirkorlar tajriba almashish uchun xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan ixtisoslashtirilgan sanoat ko‘rgazmalariga yuboriladi.

"Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)" maqomi berilgan tuman (shahar)larda:

  • 2026 yil 1 yanvardan boshlab barcha davlat idoralari va ijtimoiy soha muassasalari binolari faqat energiya samaradorligi tamoyillari asosida quriladi va modernizatsiya qilinadi;
  • 2027 yil 1 yanvarga qadar davlat idoralari, davlat ishtirokidagi korxonalar va ijtimoiy soha muassasalari energiya tejamkor uskunalar bilan to‘liq jihozlanadi;
  • 2026 yil 1 martdan boshlab "Energiya iste’moli nolga teng binolar" konsepsiyasi asosida ijtimoiy soha muassasalarining bittadan binosini modernizatsiya qilish bo‘yicha tajriba-sinov loyihalari ishga tushiriladi.

2026 yilda 7 trln so‘mdan ortiq mablag‘lar ajratiladi, shu jumladan:

  • "Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)" maqomi berilgan har bir tuman (shahar)ni rivojlantirish uchun respublika budjetidan 100 mlrd so‘mdan, jami 2,3 trln so‘m;
  • Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi har bir mahallani rivojlantirish uchun respublika budjetidan 5 mlrd so‘mdan, jami 1,7 trln so‘m;
  • Islom taraqqiyot bankining "Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish" va Jahon bankining "O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish" loyihalari doirasida "Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)" maqomi berilgan tuman (shahar) larni rivojlantirishga 100 mln AQSh dollari yo‘naltiriladi;
  • Hududlarda iqtisodiy o‘sishga turtki beradigan drayver loyihalarni amalga oshirish uchun respublika budjetidan 2 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari "Islohotlar shtabi" bilan birgalikda:

  • bir oy muddatda har bir tuman (shahar) va har bir mahallani Yangi O‘zbekiston qiyofasida kompleks rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan yo‘nalishlar asosida "Rivojlanish va yetakchilik makoni" dasturini tasdiqlaydi;
  • 2025 yil 15 dekabrga qadar aholi va tadbirkorlarning taklif va loyihalari asosida Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla markazining bosh rejasini ishlab chiqdi va tasdiqlaydi.
  • 2026 yil 1 fevralga qadar dasturga kiritilgan obektlarning loyiha hujjatlarini ishlab chiqadi;
  • 2026 yil 1 martdan boshlab tasdiqlangan loyihalarga muvofiq qurilish ishlarini boshlash;
  • 2026 yil 1 dekabrga qadar dasturga kiritilgan obektlarning ishga tushirilishini ta’minlaydi.