Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi
Prezident Xitoy bilan texnologik sheriklikni kengaytirish rejalarini ko‘rib chiqdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 dekabr kuni Toshkentda Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida amaliy hamkorlikni kengaytirish, energetika sohasida zamonaviy texnologiyalar va muhandislik yechimlarini joriy etishga qaratilgan o‘zaro manfaatli kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
Xitoy kompaniyalarining O‘zbekistonda loyihalar amalga oshirishga qiziqishi ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yilda Xitoydan 15 milliard dollardan ziyod bevosita investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan, qo‘shma loyihalarning umumiy portfeli esa qariyb 90 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Ko‘p qirrali hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida energetika sohasiga alohida e’tibor qaratildi. Xitoylik sheriklar ishtirokida umumiy quvvati qariyb 10 gigavatt, qiymati 9 milliard dollardan ortiq 30 dan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugun qo‘shimcha ravishda qariyb 2 milliard dollarlik 14 ta loyiha ishga tushirildi.


“China Datang” kompaniyasi prezidenti Jou Yuanlong bilan mavjud fotoelektr stansiyalarini kengaytirish, yangilarini qurish va qo‘shimcha saqlash quvvatlarini barpo etish rejalari muhokama qilindi. Kompaniyaning kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini ochish, qishloq xo‘jaligi va chorvachilikda qayta tiklanadigan energiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.
“China Energy Engineering Corporation” kompaniyasi rahbari Syu Lyu bilan suhbatda hududlarda quyosh elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini qurish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlar yuqori baholandi.
Muqobil energetika va yuqori kuchlanishli tarmoqlarni rivojlantirish loyihalarini ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.
“Sinoma Energy” kompaniyasi raisi Men Tsinlin shamol elektr stansiyasi hamda shamol turbinalari uchun parraklarni mahalliylashtirish uchun zavod qurilishining borishi haqida axborot berdi. Shuningdek, kimyo va qurilish sanoatida chiqindilarni tozalash bo‘yicha kompaniya taklif etayotgan texnologik yechimlar yuzasidan fikr almashildi. Ushbu loyihalarga doir ishlarni jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.
“Universal Energy” kompaniyasi bosh direktori Nan Yi bilan mamlakatimiz hududlarida shamol elektr stansiyalari qurilishini jadallashtirish choralari muhokama qilindi.
“China General Technology” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Kan Xubyao bilan yangi ishga tushirilgan kogeneratsiya stansiyasini samarali ishlatish muhokama qilindi. Kompaniyaning O‘zbekistondagi investitsiya faoliyatini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Davlat rahbari “Poly Changda Engineering” kompaniyasi bosh direktori Myao Tszechunning kelgusi yilda bugun ishga tushirilgan quyosh elektr stansiyasining mantiqiy davomi sifatida energiya saqlash tizimini qurish bo‘yicha rejalarini qo‘llab-quvvatladi.
Mavzuga oid
15:41
BAA kompaniyalari O‘zbekistonda yangi quyosh, shamol va GES loyihalarini amalga oshiradi
13:20
O‘zbekiston 2035 yilga qadar zararli gazlar emissiyasini 50 foizga qisqartirish majburiyatini oldi
13:20
2030 yilgacha 17 ming MVtdan ortiq «yashil» energiya quvvatlari ishga tushiriladi
13:18