O‘zbekiston | 15:43
714
2 daqiqa o‘qiladi

Mediatorlarga nisbatan intizomiy choralar qo‘llash mexanizmi aniqlashtirildi

Adliya vaziri buyrug‘i bilan hududiy adliya organlari huzuridagi mediatorlar malaka komissiyalari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi ko‘zda tutilmoqda. Nizomda mediatorlarning qonunchilik va kasb etikasi qoidalarini buzishi holatlarini ko‘rib chiqish, intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atish va jazo choralarini qo‘llash tartibi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasining “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi mediatorlar malaka komissiyalari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi nazarda tutilmoqda. Hujjatda mediatorlarni Reyestrga kiritish uchun malaka imtihonini o‘tkazish bilan birga, ular faoliyatiga oid intizomiy ish yuritish tartibi ham belgilab berilgan.

Nizomga ko‘ra, mediatorlarning mediatsiya to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari yoki Mediatorning kasb etikasi qoidalarini buzishi holatlari hududiy adliya organlari tomonidan aniqlangan taqdirda, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari yoki sudning xususiy ajrimi asosida intizomiy ish yuritish qo‘zg‘atilishi mumkin.

Intizomiy ish yuritishni ko‘rib chiqish jarayonida malaka komissiyasi zaruratga ko‘ra qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olishi, mediator va manfaatdor shaxslarning tushuntirishlarini tinglashi, ish materiallari bilan tanishish va advokat xizmatidan foydalanish huquqlarini ta’minlashi nazarda tutilgan.

Intizomiy ish natijalari bo‘yicha komissiya quyidagi qarorlardan birini qabul qilishi mumkin:

  • ogohlantirish berish;
  • mediator faoliyatini olti oygacha to‘xtatib turish;
  • mediatorni Reyestrdan chiqarish;
  • qo‘shimcha o‘rganish zarurati bo‘lsa, ishni keyingi majlisga qoldirish;
  • jazo qo‘llashni rad etish va ish yuritishni tugatish.

Shuningdek, nizomda komissiya qarorlaridan norozi bo‘lgan tomonlar belgilangan tartibda Oliy malaka komissiyasiga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega ekani ko‘rsatilgan. Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirishi belgilanmoqda.

Yangi nizom mediatorlar faoliyatida qoidabuzarliklar bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish va intizomiy choralar qo‘llash tartibini aniq belgilab, tartib-taomillarning shaffofligi hamda huquqiy kafolatlarni kuchaytirishga qaratilgan.

Mavzuga oid