O‘zbekiston | 10:40
1545
4 daqiqa o‘qiladi

Buxoro biyennalesi Art Basel Qatar maydonida taqdim etildi

Qatar poytaxti Dohada o‘tgan Art Basel Qatar xalqaro san’at yarmarkasi doirasidagi panel muhokamada O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi. Mazkur sessiyada Buxoro biyennalesi shahar bilan ishlashga asoslangan yangi madaniy model sifatida xalqaro ekspertlar muhokamasiga taqdim etildi.

Kreativ iqtisodiyot va turizm departamenti rahbari, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova Art Basel Qatar ko‘rgazmasi doirasida o‘tkazilgan Art Basel Conversations dasturida ishtirok etdi.

5 fevral kuni Qatar Creates Talks × Art Basel Conversations jamoatchilik dasturi doirasida o‘tkazilgan tadbirda Qatar, O‘zbekiston va Tunisning yetakchi madaniy institutlari vakillari zamonaviy biyennale formatlari, ko‘rgazma amaliyotining yangi yondashuvlari hamda san’atning jamoatchilik bilan muloqot mexanizmlari haqida gaplashishdi. «Rubayya, Buxoro va Djau: yangi platformalar, yangi imkoniyatlar» mavzusidagi panel sessiyada muhokamasida Umerova bilan bir qatorda «Rubaiya Qatar» jamg‘armasi direktori Shayxa Al-Anud Al Tani, «Jaou Tunis» biyennalesi asoschisi va «Kamel Lazaar» jamg‘armasi vitse-prezidenti Lina Lazaar ham ishtirok etdi.

Muhokamada Buxoro biyennalesi urban transformatsiyaga qaratilgan uzoq muddatli institutsional model sifatida alohida ta’kidlandi. Bu tashabbus faqat davriy ko‘rgazma formati bilan cheklanmaydi, u tarixiy shaharni rivitalizatsiya qilish, madaniy infratuzilmani qayta faollashtirish va barqaror rivojlanish mexanizmlarini shakllantirishga yo‘naltirilgan.

Biyennale shahar muhiti bilan bevosita ishlaydi: loyihalar mavjud me’moriy meros, hunarmandchilik an’analari va mahalliy jamoalar bilan hamkorlik asosida amalga oshiriladi. Bu yondashuv san’atni institutsional makonlardan chiqarib, uni urban hayotning ajralmas qismiga aylantirishni, jamoatchilik ishtirokini kuchaytirishni va madaniy merosni zamonaviy ma’no bilan boyitishni maqsad qiladi. O‘zbek biyennalesi madaniy tadbir sifatida emas, balki shaharni kompleks rivojlantirishga xizmat qiladigan strategik platforma sifatida taqdim etildi.

 Yodingizda bo‘lsa, 2025 yil sentabrdan noyabrgacha o‘tkazilgan Buxoro biyennalesi 1,8 milliondan ortiq mehmonlarni o‘ziga jalb qilgan. Bu esa tarixiy markazni tiklashga qaratilgan keng qamrovli dasturga turtki bo‘lib xizmat qiladi. Dastur doirasida Madaniy hudud barpo etish va meros obektlarini uzoq muddatli jamoatchilik foydalanishiga moslashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. 2026 yil mart oyida ochilishi rejalashtirilgan Toshkent zamonaviy san’at markazi, tadqiqot loyihalari hamda YuNeSKO bilan hamkorlik dasturlari ham dasturning bir qismi hisoblanadi.

Art Basel Qatar kabi nufuzli xalqaro maydonda ushbu tajribaning taqdim etilishi O‘zbekiston uchun bir nechta strategik imkoniyatlarni ochadi. Avvalo, mamlakat zamonaviy san’at va madaniy siyosat sohasida global muloqot ishtirokchisi sifatida namoyon bo‘ladi. Ikkinchidan, xalqaro kuratorlar, muzeylar va kolleksionerlar bilan hamkorlikni kengaytirish imkoni paydo bo‘ladi. Shuningdek, madaniy tashabbuslar orqali turizm salohiyatini oshirish va O‘zbekistonning ijobiy xalqaro imijini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Art Basel – xalqaro zamonaviy san’at yarmarkasi bo‘lib, 1970 yilda Bazel shahrida tashkil etilgan. Bugungi kunda u turli qit’alarda o‘tkazilib, galereyalar, kolleksionerlar va muzeylar uchun nufuzli platforma hisoblanadi.

Art Basel Qatar – mazkur yarmarkaning Yaqin Sharqdagi ilk formati bo‘lib, Qatarning madaniy strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. Dastur ko‘rgazmalar, ochiq muloqotlar va professional muhokamalarni o‘z ichiga oladi.