Jahon | 22:16 / 17.03.2026
1659
8 daqiqa o‘qiladi

Isroil va Ukraina Eron dronlariga qarshi hamkorlik qilmoqchimi?

Ukraina dron texnologiyalari bo‘yicha jang maydonida to‘plagan tajribasini Yaqin Sharq davlatlari bilan bo‘lishishga tayyorligini bildirmoqda. Isroil va ayrim arab davlatlari bilan hamkorlik masalasi kun tartibida. Bu tashabbus Kiyevga moliyaviy va texnologik imkoniyatlar yaratishi mumkin.

Ayni mavzu Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar ishtirokida muhokama qilindi.

— Ukraina Isroil va arab davlatlariga dronlar masalasida yordam bermoqchi. Bu Yaqin Sharq va shu qatorda Ukraina mudofaasiga qanday ta’sir qiladi?

Umrbek Yusupov: Urush boshida NATO davlatlari Ukrainaga harbiy yordam berishini bildirgan edi. Bir yil o‘tib, AQSh va yana bir qator davlatlardan mutaxassislar Ukrainaga kelib, dronlarni sinovdan o‘tkazish hamda ularni qo‘llash bo‘yicha tajriba almashishni rejalashtirgan. Biroq uchrashuvlar davomida qiziq vaziyat yuzaga kelgani aytiladi: haqiqiy jang maydonida dronlardan foydalanish texnologiyasi va amaliy tajriba bo‘yicha ukrainaliklar ancha oldinga o‘tib ketgani ma’lum bo‘lgan.

Keyinchalik bu holatni G‘arb matbuoti ham tan oldi. Bugungi vaziyatda Volodimir Zelenskiy ushbu tajribani strategik imkoniyat sifatida ko‘rishga harakat qilmoqda. Gap shundaki, Ukraina o‘zida shakllangan harbiy texnologiyalar va dronlardan foydalanish tajribasini hamkor davlatlar bilan almashish, buning evaziga esa moliyaviy resurslar hamda yangi texnologiyalar olishni taklif qilmoqda. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, bu hamkorlik doirasida o‘nlab milliard dollarlik kelishuvlar va uzoq muddatli shartnomalar muhokama qilinmoqda. Bunday hamkorlikning ijobiy tomonlari ham bor.

Avvalo, Ukraina uchun qo‘shimcha moliyaviy manbalar paydo bo‘lishi mumkin. Ikkinchidan, harbiy texnologiyalar almashinuvi mamlakat mudofaa salohiyatini kuchaytiradi.

Uchinchidan, bunday shartnomalar Ukrainaga uzoq muddatli strategik hamkorlar va ma’lum darajadagi xavfsizlik kafolatlarini ham berishi mumkin. Masalan, Isroil harbiy sanoati dunyodagi eng rivojlangan tizimlardan biri hisoblanadi. Isroil ko‘plab qurollarni real mojarolar sharoitida sinovdan o‘tkazgan, xususan, G‘azo bilan bog‘liq uzoq yillik to‘qnashuvlar davomida katta tajriba to‘plagan. Shu sababli harbiy texnologiyalar bo‘yicha tajriba almashuvi Ukraina uchun ham foydali bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, bu jarayonning salbiy tomonlari ham mavjud. Masalan, urush davom etayotgan paytda front uchun har bir askar yoki har bir dron muhim ahamiyatga ega. Agar mutaxassislar va texnologiyalar boshqa davlatlar bilan hamkorlik loyihalariga yo‘naltirilsa, bu ma’lum darajada frontdagi imkoniyatlarni kamaytirishi mumkin. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina mutaxassislari allaqachon Saudiya Arabistoni, BAA va Iordaniya kabi davlatlarda joylashgan bazalarda ham ishlayotgani haqida xabarlar tarqalgan.

Bundan tashqari, bu jarayon siyosiy jihatdan ham turli talqinlarga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, Rossiya Ukrainani Eron bilan bog‘liq mojaro va keskinliklarning kuchayishida ayblashi hamda shu orqali o‘z harbiy harakatlarini oqlashga urinishi ehtimoldan xoli emas. Ukraina tomoni bu masalada o‘z pozitsiyasini bildirgan. Rasmiylar Tehronga murojaat qilib, agar Eron tomonidan ishlab chiqarilgan dronlar Ukrainaga qarshi qo‘llangan bo‘lsa, bu ham mojaroning bir qismi ekanini eslatgan.

Yana bir nozik masala, Ukrainada jang qilayotgan chechen va boshqa Kavkaz kelib chiqishidagi ko‘ngilli harbiy guruhlar bilan bog‘liq. Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, Ukrainaning ayrim davlatlar bilan harbiy hamkorligi, ayniqsa Eron yoki Isroil bilan bog‘liq siyosiy masalalar fonida musulmon kelib chiqishidagi jangchilarning kayfiyatiga ma’lum darajada ta’sir qilishi mumkin. Albatta, bu borada aniq statistik ma’lumotlar mavjud emas.

Hozircha frontdagi musulmon ko‘ngillilar soni kamaygani haqida ishonchli tadqiqotlar e’lon qilinmagan. Biroq ayrim ekspertlar kelajakda bunday omillar jangovar kayfiyatga bilvosita ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ham istisno qilmaydi.

Jahongir Akramov: Zelenskiyning Isroil bilan hamkorligi avvalo, AQSh tomonidan Ukrainaga ko‘rsatilayotgan razvedka yordami va harbiy ko‘makni ma’lum darajada saqlab qolish istagi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatlarda ko‘pincha ochiq diplomatiyadan tashqari, maxfiy diplomatik kelishuvlar ham muhim rol o‘ynaydi.

Eron bilan bog‘liq keskinlik kuchayganidan so‘ng AQSh tashqi siyosatida Isroil masalasi yana ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Buni avvalroq amerikalik rasmiylar ham ta’kidlab, Isroil xavfsizligi AQSh uchun strategik va hatto “muqaddas masala” darajasida muhim ekanini aytgan edi. Ayni paytda ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Donald Tramp ma’muriyati Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarga avvalgidek katta e’tibor qaratmayotgani ham aytilmoqda. Bu esa Ukrainaga ko‘rsatiladigan yordam hajmi qisqarishi ehtimoli haqida turli taxminlarni keltirib chiqarmoqda.

Bundan tashqari, global miqyosdagi harbiy ziddiyatlar ko‘payib borayotgani sababli AQSh resurslari ham cheklangan. Hatto eng yirik harbiy omborlarga ega davlat uchun ham harbiy resurslar cheksiz emas. Shu sababli bir vaqtning o‘zida bir necha mintaqadagi mojarolarni to‘liq moliyalashtirish yoki harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash murakkablashadi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Ukrainaga yordam kamayib ketmasligi uchun Kiyev boshqa strategik yo‘llarni ham izlayotgani ehtimoldan xoli emas.

Ukraina Isroil bilan harbiy yoki texnologik hamkorlik orqali AQSh bilan siyosiy aloqalarni mustahkamlashga harakat qilishi mumkin. Bunday kelishuvlar ko‘pincha avval yopiq eshiklar ortida muhokama qilinadi, keyinchalik esa asta-sekin ommaviy siyosiy muhokamalarga chiqadi. Biroq bu jarayonning yana bir muhim tomoni ham bor: xalqaro huquq va axloq nuqtayi nazaridan qaraganda, agar bir davlat boshqa davlatga hujum qilayotgan bo‘lsa, uchinchi davlatning himoya qilinayotgan tomonga yordam berishi odatda legitim va oqlanadigan harakat sifatida baholanadi. Aksincha, agressor tomonni qo‘llab-quvvatlash xalqaro maydonda tanqid va siyosiy izolyatsiyaga olib kelishi mumkin.

Masalan, Britaniya, Fransiya va Germaniya uzoq vaqt davomida Eron bilan yadro kelishuvi masalasida murosa qilish pozitsiyasini egallab kelgan edi. Biroq so‘nggi yillarda bu davlatlarning pozitsiyasi ma’lum darajada o‘zgardi. Bunga Eronning Rossiya bilan harbiy hamkorligi, jumladan, dronlar bilan bog‘liq masalalar ham ta’sir qilgani aytiladi. Harbiy ekspertlarning ayrim fikrlariga ko‘ra, Rossiyada ishlab chiqarilayotgan ayrim dron tizimlari, jumladan, Geran-2 ishlab chiqarish infratuzilmasi ham Eron mutaxassislari ishtirokida shakllantirilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda turli taxmin va tahlillar mavjud.

Shu bilan birga, Ukraina diplomatik jihatdan ehtiyotkor pozitsiyani ham saqlashga harakat qilmoqda. Masalan, Zelenskiy Ukraina Eron bilan bevosita urushayotgan tomon emasligini bir necha bor ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar arab davlatlari o‘zini havo hujumidan himoya qilish tizimini kuchaytirish uchun yordam so‘rasa, Ukraina bunday yordamni ko‘rib chiqishi mumkin. Bu esa hujumkor harakat emas, balki mudofaa sohasidagi hamkorlik sifatida talqin qilinadi. Bunday yondashuv, ya’ni mudofaaga ko‘maklashish xalqaro huquq nuqtayi nazaridan ham nisbatan legitim hisoblanadi. Shu sababli Ukraina bu masalada diplomatik muvozanatni saqlashga harakat qilmoqda.

To‘liq suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid