O‘zbekiston | 18:07 / 05.04.2026
9138
2 daqiqa o‘qiladi

Umraga borgan 170 nafardan ortiq ziyoratchi O‘zbekistonga qaytolmayapti

Ziyoratchilarning so‘zlariga ko‘ra, ular 14 kunlik umra safari doirasida turli guruhlar tarkibida Saudiya Arabistoniga kelgan. Biroq safarni tashkil etgan shaxslarning yolg‘on ma’lumotlari va xatolari oqibatida hozirga qadar vatanga qayta olmagan.

Foto: “Dunyo” AA

Bosh konsulxona diplomatlari ayrim jismoniy shaxslar orqali umra ziyoratiga kelib, qiyin ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolarining muammolarini o‘rganish hamda ular bilan suhbatlashish maqsadida Makka shahrida joylashgan “Kanari” va “Al-Ayam Elite” mehmonxonalariga tashrif buyurdi.

Diplomatlarning ma’lum qilishicha, ayni paytda ushbu mehmonxonalarda 170 nafardan ortiq ziyoratchi vatanga qaytishni kutib turibdi.

Ziyoratchilarning aytishicha, ular 14 kunlik umra safari doirasida turli guruhlar tarkibida Saudiya Arabistoniga kelgan. Biroq safarni tashkil etgan shaxslarning yolg‘on ma’lumotlari va xatolari oqibatida hozirga qadar vatanga qayta olmagan.

Suhbat davomida ziyoratchilar o‘zlarining og‘ir ahvoli haqida so‘zlab, guruhning katta qismi keksa yoshdagi insonlardan iborat ekanini ta’kidladi. Ular orasida infarktni boshidan o‘tkazgan, qandli diabet, qon bosimi kabi surunkali kasalliklarga chalingan va doimiy ravishda dori-darmon iste’mol qiladigan shaxslar borligi ham qayd etildi. Ziyoratchilar vatanga qaytish masalasida O‘zbekiston hukumatidan amaliy yordam so‘radi.

Ziyoratchilarga vatanga qaytish bo‘yicha murojaatlari bosh konsulxona tomonidan belgilangan tartibda tegishli idoralarga yetkazilishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, mazkur murojaatlarni ko‘rib chiqish ma’lum vaqt talab qilishi inobatga olinib, vaziyat yanada og‘irlashib ketmasligi uchun imkoniyatdan kelib chiqqan holda o‘z hisoblaridan aviachipta xarid qilib, O‘zbekistonga qaytish tavsiya etildi.

Shuningdek, ziyoratchilarni qiyin ahvolga solgan shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng tegishli idoralarga murojaat qilish mumkinligi tushuntirildi.

Hozirgi kunda ushbu holat bosh konsulxona tomonidan doimiy nazoratga olingan bo‘lib, vaziyat yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid