Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezidentning sobiq davlat maslahatchisi Vyacheslav Golishev vafot etdi
Vyacheslav Golishev 75 yoshida vafot etdi. U turli yillarda bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri, O‘zbekiston prezidentining davlat maslahatchisi va deputat lavozimlarida faoliyat yuritgan. Shavkat Mirziyoyev marhumning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
7 aprel kuni taniqli davlat va jamoat arbobi Vyacheslav Arkadevich Golishev 75 yoshida vafot etdi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va boshqa rasmiylar marhumning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Vyacheslav Golishev 1951 yil 4 mayda Omsk shahrida (Rossiya) tug‘ilgan. 1972 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan, 1980 yilda Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti aspiranturasini bitirib, nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Mehnat faoliyatini poligrafiya sohasida iqtisodchi sifatida boshlagan, so‘ngra Toshkent xalq xo‘jaligi institutida, O‘zbekiston Davlat reja qo‘mitasi huzuridagi Iqtisodiyot va normativlar ilmiy-tadqiqot institutida, respublika partiya va davlat organlarida turli lavozimlarda ishlagan.
1992–1995 yillarda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Jahon muammolari instituti direktori o‘rinbosari, Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2005−2006 yillarda bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri, Iqtisodiyot va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kompleksi rahbari sifatida faoliyat yuritgan.
Vyacheslav Golishev uzoq yillar davomida prezidentning davlat maslahatchisi lavozimini egallab kelgan hamda davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatiga oid davlat dasturlari va konseptual hujjatlarni ishlab chiqishda bevosita ishtirok etgan.
Bir necha bor Oliy Majlis deputati etib saylangan.
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi» faxriy unvoni va «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.