Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Davlat idoralari xalqqa qanchalik ochiq?
Antikorrupsiya agentligi 2025 yil yakunlari bo‘yicha davlat tashkiloti hamda idoralarining ochiqligi indeksini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Sirdaryo, Andijon, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahar hokimliklari eng yopiq tashkilotlar. Bundan tashqari, Sudyalar oliy kengashi va Temiryo‘llar jamiyati ham eng oxirgi o‘rinlarda qolgan. Kun.uz bilan gaplashganlar fikricha, bu tashkilotlar uchun matbuot, jamoatchilik yuzinchi o‘rinda ham turmaydi.
2022 yilda “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish hamda baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni imzolangan edi. Unga muvofiq, davlat budjeti mablag‘lari hisobiga ishlaydigan bu tashkilotlar faoliyati xususida o‘z resurslarida ma’lumotlarni omma bilan bo‘lishishi kerak. Antikorrupsiya agentligi esa aynan shu farmonda belgilangan me’yorlar asosida ochiqlik indeksini e’lon qilib kelmoqda.
Bu yilgi ro‘yxatga ko‘ra, “O‘zbekgidroenergo” AJ jamoatchilikka eng ochiq davlat tashkiloti deb topilgan. Sirdaryo, Andijon, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahri hokimliklari eng yopiq, faoliyati borasida ma’lumotlarni topish deyarli imkonsiz idoralar sifatida ko‘rsatildi. “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ, “Aloqabank ATB”, “Toshshahartransxizmat” AJ ham ro‘yxatning eng oxirgi o‘rinlarida. Ko‘rinadiki, bu tashkilotlar prezident farmonida ko‘rsatilgan mezonlar talablari doirasida ishni ochiq-oshkora tashkil etmagan.
Yoshlar ishlari agentligi va ba’zi boshqa davlat tashkilotlari esa o‘tgan yilgilarga qaraganda ko‘proq ball olib, yashil toifaga o‘tgan.
Antikorrupsiya agentligi boshqarma boshlig‘i Qahramon Niyazxadjayevga ko‘ra, 4 ta mahalliy hokimiyat organlari “barqaror qizillar” sifatida ro‘yxatdan joy olib kelmoqda.
“Afsuski, ular doimiy qizil ro‘yxatda, mezonlarning hammasi prezident farmonida belgilangan”, deydi u.
Agentlik vakilining qo‘shimcha qilishicha, davlat tashkilotlaridagi kadrlar o‘zgarishi ham ularning yillik ballariga salbiy ta’sir qilmoqda.
“Yildan yilga ijobiy kamayishni ko‘ryapmiz, lekin davlat tashkilotlarining ochiqlik indeksiga eng ko‘p ta’sir qilayotgan masala – kadrlarning ish almashtirishi. Ya’ni bir xodim ketib, keyingisi kelib, ishini tushungunicha ochiqlik bo‘yicha mezon talablari bajarilmay qolib ketmoqda va oxirida yomon natijalar kelib chiqyapti”, deydi Niyazxadjayev.
Bundan tashqari, agentlik faqat ro‘yxat e’lon qilish emas, endilikda ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga so‘rovlarni ham yo‘llagan.
Suhbatda qatnashgan jurnalist Yulduz Olimovaga ko‘ra, har qaysi davlat tashkilotining ochiq yoki yopiq ekani uning rahbariga bevosita bog‘liq.
“Agar ular mikrofondan qo‘rqmasa, qilayotgan ishiga ishonsa, bu tashkilot, albatta, ommaga ochiq bo‘ladi. Ba’zi vazirliklar bor, hatto ularga biz jurnalistlar yetolmaymiz, oddiy odamlarga yo‘l bo‘lsin”, deydi Olimova.
Jamoatchilik faoli Abdurahmon Tashanovning fikricha, Antikorrupsiya agentligi e’lon qilgan ro‘yxat hech qanday ta’sir kuchiga ega emas.
“Agentlikka hurmatsizlik qilish niyatida emasman, lekin shu ro‘yxatning davlat tashkilotlariga xuddiki administratsiyadan bitta qo‘ng‘iroqchalik kuchi bo‘lganida, bunday o‘rinlarda qolib ketmasdi. Ya’ni bu idoralar uchun jurnalistlar yuzinchi o‘rinda ham turmaydi”, deydi Tashanov.
Yana bir masala shuki, farmondagi mezonlar aniq ekan, indekslarda barqaror o‘rinlarni egallash uchun davlat tashkilotlari faqat shu shartlarga moslashish bilan real vaziyatni yashirib ko‘rsatishi mumkin. Masalan, matbuot anjumanlari o‘tkazish, OAV bilan uchrashuvlar – bularni xo‘jako‘rsinga qilib, hujjatda “o‘tkazildi” qilib ko‘rsatsa ham ball yig‘ilaveradi va oxirida yaxshi natija chiqishi mumkin.
“Vazirliklarda matbuot anjumanlari o‘tkazishadi, biroq unda kim qatnashdi? Balki vazirlik xodimlarini yig‘ib kelishgandir, bu anjumanlar qaysi mavzuda o‘tdi? Mana bu jihatlariga e’tibor qilinmaydi, biroq o‘tkazilgani soni inobatga olinadi”, deydi jurnalist Olimova.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Antikorrupsiya agentligining ro‘yxati yanada adolatli bo‘lishi uchun bu idoralar bilan doimiy ishlaydigan OAV vakillari va jurnalistlarning fikrini inobatga oluvchi mezonni qo‘shish kerak.
Suhbatda yashil toifada tursa-da, jamoatchilikka u qadar ochiq bo‘lmagan Ichki ishlar vazirligi, sariq toifada tursa-da, ommaga hamda matbuotga butunlay yopiq Tashqi ishlar vazirligining faoliyati ham tanqid ostiga olindi.
“Ichki ishlar vazirligini bilmadim-ku, lekin yaqinda Tashqi ishlar vazirligiga ishim tushdi, juda qiynaldim. Rostdanam bu yopiq tashkilot”, deydi Yulduz Olimova.
Suhbatni Kun.uzʼning YouTubeʼdagi sahifasidan to‘liq tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi.
Mavzuga oid
22:18 / 06.02.2026
Korrupsioner tashkilotlar, Samarqanddagi nepotizm va kechikayotgan qonunlar – Antikor agentligidan reportaj
08:02 / 08.08.2025
Davlat tashkilotlari yuridik xizmat xodimlari reytingi joriy etiladi
17:40 / 20.06.2025
Endilikda davlat tashkilotlari xodimlarining tana vazni indeksi o‘lchab boriladi
11:28 / 08.04.2025