Jamiyat | 18:01 / 04.05.2015
2528
3 daqiqa o‘qiladi

Indoneziyada erkaklar va ayollar birga mototsiklda yurishi taqiqlab qo‘yiladi

049840

Kun.uz: Indoneziyaning Achex viloyatida o‘g‘il bolalar va qiz bolalar maktabda alohida o‘qishi to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Viloyat hukumati erkaklar va ayollarning birga mototsiklda yurishini taqiqlab qo‘yishni mo‘ljallamoqda. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.

“Hozir biz joriy qilayotgan qoidalar barcha an'anaviy islom maktablarida qabul qilinadi”, deb aytmoqda viloyat qonunchilik yig‘ini a'zosi Fauzan Hamza. Hamza alohida o‘qish amaliyoti hozircha faqatgina Shimoliy Achexda (Achex viloyatining bir qismi) qo‘llanilayotganini aytdi. Hamza bunday qoidalar butun viloyatda ma'qullanadi, deb umid bildirmoqda.

Hamza qonun ishlab chiqaruvchilar transport vositalaridan foydalanish qoidalarini kuchaytirish zarurligini muhokama qilishlari kerakligini ta'kidlab o‘tdi. U 2013 yilda ayollarga mototsiklda yurishni taqiqlovchi (yon tomonda joylashgan o‘rindiqda ketish bundan mustasno) qonun qabul qilingani, biroq bu qonunga amal qilinmayotganini aytib o‘tdi hamja erkaklar va ayollar birga mototsiklda yurishini taqiqlab qo‘yishga chaqirmoqda.

Aprelda Shimoliy Achex hukumati aholiga har kuni kechasi Qur'on tilovat qilish majburiyatini qo‘yuvchi qonunni ma'qullagan edi. Hozirda hujjat viloyat hukumatida ko‘rib chiqilmoqda. 2014 yil oktabrda Achexda bir jins vakillarining aloqa qilishlarini taqiqlovchi qonun qabul qilingandi. Ushbu qoidani buzganlar jazo tariqasida 100 marotaba qamchilanadi.

Achex Indoneziyaning shariat qoidalari kiritilgan yagona viloyati hisoblanadi. Indoneziyaning aksariyat katta qismi islom diniga e'tiqod qilsada, Achexda qabul qilingan bunday qat'iy diniy qonunlar mamlakatning boshqa viloyatlarida tanqidga uchramoqda. Indoneziya hukumati viloyatda 2005 yilda shariat qonunlarini kiritishga ruxsat bergan. Bu qaror viloyat mustaqil davlat bo‘lishga harakat qilgan 30 yillik fuqarolik urushiga chek qo‘ygan markaziy hukumat bilan achex ayirmachilari orasidagi tinchlik sulhining bir qismi bo‘lgan.

rah
Tayyorlagan rah
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish