09:02 / 06.05.2015
2412

“O‘zbektelekom” aloqa obektlarida quyosh va shamol generatorlarini qo‘llamoqda

“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi 2012 yildan buyon muqobil energiya manbalarini qo‘llashni joriy qilish bo‘yicha bir qator loyihalarni amalga oshirdi. Bu loyihalar aloqa obektlarining elektr quvvati bilan ta'minotida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun amalga oshirilgan.
Kompaniya saytida e'lon qilingan xabarnomada ta'kidlanishicha, “O‘zbektelekom” yirik energiya iste'molchilaridan biri hisoblanadi. Aloqa obektlari uzluksiz ravishda elektr quvvatiga ulangan bo‘lishi talab etiladi. Bu esa o‘z navbatida ko‘p miqdorda elektr quvvatining sarflanishiga olib keladi.


Elektr energiyasini tejash va elektr tarmog‘ining ishonchliligini ta'minlash maqsadida 2012-2014 yillarda “O‘zbektelekom” bo‘linmalarida tadbirkorlik sub'yektlari bilan bilan hamkorlikda uzoq hududlarda joylashgan aloqa obektlarini quyosh generatorlari bilan ta'minlash loyihalari amalga oshirildi. Jumladan, 2012 yilda Surxondaryo viloyatining 2 qishlog‘ida, 2013 yilda Toshkent viloyatining 3 qishlog‘ida 2013-2014 yillarda turli viloyatlarning 12 uzoq tumanlaridagi ATSlarda, 44 tumandagi bazaviy stansiyalarda quyosh elektr stansiyalari barpo etildi.
“Bu boradagi ishlar davom etmoqda”, - deb ta'kidlanadi xabarnomada. Xususan, muqobil energiya manbalariga o‘tishni tezlashtirish maqsadida kompaniya rahbariyati tomonidan “2014-2015 yillar davomida muqobil energiya manbalarini (quyosh va shamol generatorlari) o‘rnatish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi” qabul qilindi.

Top