11:58 / 06.05.2015
4576

Fransiya Rossiya uchun yasalgan “Mistral”larni cho‘ktirishi mumkin

Fransiya rasmiylari Rossiya uchun yasalib, yetkazib berilmagan “Mistral” vertolyot tashuvchi kemalarining taqdiri ustida hamon bosh qotirmoqda.
Le Figaro gazetasi tahlilchisi Izabel Lasserning maqolasida yozilishicha, kemalar cho‘ktirib yuborilishi mumkin.
“Mistral”lar bo‘yicha tovon puli to‘lash masalasi hal qilingan bo‘lsa, kemalarning keyingi taqdiri nima bo‘lishi mutasaddi shaxslar uchun haqiqiy bosh og‘rig‘i bo‘lib turibdi, - deyilada maqolada. – Ayrimlar kemalarni yo‘q qilishga tarafdor bo‘lib turibdi. Ularni demontaj qilish va hatto ochiq dengizda cho‘ktirib yuborish taklif qilinmoqda”.
Tahlilchining yozishicha, kemalarni suv ostiga g‘arq qilish masalaning eng tejamkor yechimidir. Ammo bu ayni paytda kemalarni yasagan ishchilarning mehnatiga nisbatan hurmatsizlik deb baholanishi ham mumkin.
Shuningdek, Lasserning fikricha, “Vladivostok” va “Sevastopol” kemalarining Fransiya harbiy dengiz kuchlari ixtiyoriga topshirilishi ham ehtimoldan uzoq. Birinchidan, Fransiya harbiy xarajatlarni qisqartirmoqchi. Ikkinchidan, kemalar Rossiya harbiy standartlari bo‘yicha qurilgan, ularni fransuz standartlariga qayta moslashtirib chiqish esa yangi yuz millionlab yevro sarflashni ko‘zda tutadi.
Shu tariqa, masalaning eng to‘g‘ri yechimi kemalarga yangi xaridorlar topishdir. Ularni Kanada va Misr sotib olishi mumkinligi aytilmoqda.

Top