14:02 / 07.05.2015
2173

Marg‘ilonda “ishga joylashtirib qo‘yish” uchun pul tama qilgan sud ijrochisi qo‘lga olindi

Marg‘ilon shahar huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan sobiq sud ijrochisi Bahromjon So‘piyev fuqarolardan pul tama qilishda va davlat manfaatlariga zarar yetkazishda ayblanib qo‘lga olindi.
“Huquq” gazetasida yozilishicha, 32 yoshli So‘piyev muqaddam sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta'minlash departamentining Toshloq tuman sud ijrochilari bo‘limida ishlagan. 2012 yil fevral oyida katta sud ijrochisi lavozimiga tayinlangan. O‘sha yili 1 avgust kuni egallab turgan lavozimidan bo‘shatilgan. Ishdan bo‘shaganidan keyin sud qarorlari bilan tayinlangan jarima jazosining ijro hujjatlarini dastak qilib, qo‘lga kiritilgan jarima pullarini o‘z ehtiyojlariga sarflagan. Jarima undirilganiga oid soxta yozuvlar kiritgan. Shuningdek, boshqa qing‘ir ishlarga qo‘l urgan.
Jumladan, fuqarolardan sudga va boshqa huquqiy muassasalarga “ishga joylashtirib qo‘yish” uchun pul undirgan. U bir ayoldan jiyanini ishga joylashtirish uchun 500 AQSh dollari olgan paytda jinoyat ustida qo‘lga olindi. Sud tomonidan unga tegishli jazo tayinlandi.

Top