12:02 / 09.05.2015
2472

Ukraina sharqida g‘alaba bayrami nishonlandi

Ukrainaning sharqiy viloyatlarida Ikkinchi Jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 70 yilligiga bag‘ishlangan bir qator norasmiy tadbirlar o‘tkazildi.
Ma'lumki, Ukraina birinchi bor yevropacha formatda kecha, 8 may kuni Xotira va yarashuv kunini nishonlagan edi. Ilgari 9 may kuni nishonlangan G‘alaba bayrami bekor qilingan edi.
Shunga qaramay, sharqiy viloyatlarda aholining o‘zi shaharlar va aholijoylar mahalliy boshqaruv organlari ko‘magida bir qator norasmiy tadbirlar tashkil etdi. Jumladan, Odessa shahrida noma'lum dengizchi qabriga gul qo‘yish marosimi o‘tkazildi. Bundan tashqari, Qahramonlar devoriga urush yillari halok bo‘lgani yaqinda aniqlangan yana 77 odessalik jangchining nomi yozildi. Kechasi “Bahorgi Odessa” festivalini o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘z navbatida, Xarkov shahar kengashi marshal Jukov haykali poyiga va Birodarlik qabriga gulchambar qo‘yish marosimini o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Ayrim guruhlar va tashkilotlar ushbu tadbirlarning o‘tkazilishiga qarshilik qilmoqda. Jumladan, Dnepropetrovsk shahrida G‘alaba bayramining nishonlanishiga to‘sqinlik qilish uchun ko‘ngilli batalonlar marshini uyushtirish ko‘zlangan.

Top