13:32 / 10.05.2015
24958

Muxlislar Rayhon va Lolaning yangi klipida hamjinsbozlik belgilarini ko‘rishdi

Xonandalar Rayhon va Lolaning “Ko‘nikmadim” duetiga ishlangan videoklip matbuot sahifalarida, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lmoqda.
Klipda ikki xonanda bir-biriga nisbatan “g‘alati” xatti-harakatlar qilgani muxlislarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Ayrimlar bunda hamjinsbozlik targ‘ibotini ko‘rsa, boshqalar ijodkorlar o‘z g‘oyasini to‘g‘ri ochib bera olmaganini gumon qilmoqda.


Yangi klip matbuot diqqatidan ham chetda qolmadi. Jumladan, “Darakchi” gazetasida tomoshabinlardan birining maktubi chop etildi. “Hatto xayolimga urilgan taxminlardan o‘zim ham qurqib ketaman. Yo‘g‘-e, unaqamasdir, axir o‘zbekmiz-ku! Zamon har qancha taraqqiy etsa-da, o‘zligimiz, mentalitetimizni unutmasak kerak?”, - deb yozadi unda noma'lum muxlis.


Rayhon bu fikrlarni izohlar ekan, “har kimning o‘z fikri va didi bor”ligini ta'kidlab o‘tdi. Lola hozircha sharh berishdan bosh tortmoqda.

Tahririyat nomidan: ushbu videoketma-ketlikning dunyo yuzini ko‘rishi yana bir bor kliplar, qo‘shiqlar va konsert dasturlarini jamoatchilikka taqdim etishga ruxsat berish kriteriylari masalasini ko‘ndalang qo‘ymoqda. Sohaning mas'ul tashkilotlari ayrim o‘rinlarda sahnadagi kichik xurmacha qiliqlar tufayli san'atkorlarni litsenziyadan judo qilgan holda, tomoshabilanlarning jiddiy e'tirozlariga sabab bo‘layotgan shou-biznes mahsulotlarini hech qanday to‘siqsiz televideniye orqali aylantirishga ruxsat bermoqdalar. Bu eslab o‘tilgan tashkilotlarda ko‘tarilgan masalada aniq talablar va qoidalar ishlab chiqilmaganidan, mutaxassislar faqat shaxsiy taassurotlaridan kelib chiqishidan dalolat beradimi, yoki sohada biz bilmaydigan boshqa jarayonlar sodir bo‘lmoqdami? OAV xodimlari bu savolga javob qidirishi kerak deb o‘ylaymiz.


Ahloqiy qoidalardan kelib chiqqan holda, ushbu klipni saytimizga joylashtirmadik. Ammo istaganlar uni hech qanday qiyinchiliksiz global tarmoqdan topishi mumkin.

Suratlar: “Ko‘nikmadim” videoklipidan skrinshot

Top