Jahon | 08:17 / 12.05.2015
11456
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh bin Ladenning o‘limi haqida yolg‘on gapirgani da'vo qilinmoqda

OAVda bin Ladenning o‘limi haqida yangi ma'lumotlar paydo bo‘ldi. Ular amerikalik jurnalist Seymur Xershning London Review Books nashrida e'lon qilingan hisobotiga asoslanadi.
Ta'kidlanishicha, “Al-Qoida” harakati yetakchisi Usoma bin Ladenning o‘ldirilishi haqida Vashington noto‘g‘ri axborot tarqatgan.
Xershning qo‘lidagi ma'lumotlarga qaraganda, Pokiston razvedkasi terrorchini 2006 yilda qo‘lga olgan. Shundan buyon 2011 yilda o‘ldirilgunga qadar u Abbosobodda nazorat ostida saqlangan. Terrorchini AQShga biror-bir xizmat evaziga berib yuborish ko‘zda tutilgandi, ammo 2010 yilda harbiylardan biri uni Vashingtonga 25 mln dollarga sotib yuborgan. Shundan so‘ng amerikalik maxsus qismlar bin Laden saqlanayotgan bino haqida ma'lumot olib, uni yo‘q qilish bo‘yicha amaliyot o‘tkazgan.
Jurnalistning qayd qilishicha, bin Laden nogiron bo‘lgani bois uni yo‘q qilish katta qiyinchilik tug‘dirmagan.
CNN kanalining ma'lumot berishicha, Oq Uy rasmiylari bu hisobotdagi ma'lumotlarni inkor qilmoqda. “Biz “al-Qoida”ni yo‘q qilish yo‘lida Pokiston bilan hamkorlik qilganmiz, ammo bu boshidan oxirigacha AQShning o‘z operatsiyasi edi”, – deyiladi Oq Uyning matbuot uchun rasmiy bayonotida.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish