Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Swatch kompaniyasi smart-soatlar uchun yarim yilgacha ishlay oladigan akkumulyator ishlab chiqarmoqchi
Bozorda sotilayotgan barcha smart-soatlarning asosiy kamchiligi (barcha elektron gadjyetlar kabi) batareyalarining ishlash vaqti hisoblanadi. Smart-soatlar oddiy mexanik soatlar kabi haqiqatda juda qulay deb atalashi uchun yetarlicha uzoq ishlay olmaydi. Biroq Swatch Group kompaniyasi ijrochi direktori Nikolas Xayyek uning kompaniyasi bu muammoni hal qilish uchun barcha kuchlarini safarbar qilganini ma'lum qildi.
Dunyodagi eng yirik soat ishlab chiqaruvchi kompaniya rahbari Handelszeitung gazetasiga bergan intervyusida uning kompaniyasi keyingi yilda bozorga nafaqat yangi smart-soatlar chiqarishini, balki bu soatlar “inqilobiy batareyalarga” ega bo‘lishini ham aytmoqda.
Bu borada Swatch Group kompaniyasining ilmiy-tadqiqot byurosi Belenos va batareya ishlab chiqaruvchi Renata kompaniyasi tadqiqotlar olib bormoqda.
Qizig‘i, avvalroq Nikolas Xayyek kompaniya smart-soatlar ishlab chiqarmasligini aytgan edi. Biroq bir oy o‘tib, Swatch nafaqat strategiyasini o‘zgartirdi, balki voleybolchilar uchun maxsus ishlab chiqilgan Touch Zero smart-soatini namoyish qildi.
Nikolas Xayyekning aytishicha, yangi uzoq ishlaydigan akkumulyatorni nafaqat soatlar va gadjyetlarda, balki avtomobil tizimlarida ham ishlatish mumkin.
“Smart-soatlar uchun 6 oygacha ishlay oladigan batareykani ishlab chiqara olgan istalgan ishlab chiqaruvchi bozorda katta ustunlikka ega bo‘ladi”, deb aytdi Xayyek intervyuda.
Ayni paytda bozorda eng ommaviy smart-soatlar bo‘lgan Apple Watch va Moto 360 soatlari batareyalarining bir quvvatlanishda ishlay olish davomiyligi bor-yo‘g‘i bir kunni tashkil qiladi.