14:29 / 14.05.2015
3146

Semirish muammosi AQSh iqtisodiyotiga 1.1 trln dollar zarar keltirishi mumkin

Semirish muammosi AQSh iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Bu haqda The Washington Times gazetasi Bruking institutida o‘tkazilgan tadqiqotga tayangan holda ma'lum qildi.

Ekspertlarning hisob-kitoblariga qaraganda, ayni paytda semirishdan aziyat chekayotgan 12.7 mln bolalar yoshlari ulg‘ayganga qadar oza olmasa, ularga qaratilajak ijtimoiy xarajatlar 1.1 trln dollarni tashkil qiladi. Bu summa AQSh yalpi ichki mahsulotining 6.6 foiziga tengdir.
Ilgariroq semirishning AQSh iqtisodiyotiga keltiradigan zarari bundan uch barobar kam bo‘lishi aytilgan edi.

Bruking instituti tadqiqotchisi Mettyu Kasmanning ta'kidlashicha, keltirilgan raqamlar “aysbergning uchi” xolos, iqtisodiyotga keltiriladigan zarar bundan-da kattaroq bo‘lishi mumkin.
Bugungi kunda AQShda voyaga yetganlarning 34.9 foizi semirishdan aziyat chekadi. 90-yillarda ularning mamlakat aholisidagi ulushi 10 foizni tashkil etardi. Shu paytning o‘zida semirishga uchragan yoshlar miqdori 5 foizdan 17 foizga yetdi.

Top