Sport | 12:18 / 14.05.2015
3223
6 daqiqa o‘qiladi

Yangi Zellandiyada o‘tadigan jahon chempionatiga boradigan O‘zbekiston U-20 tarkibi e'lon qilindi

11 may kuni O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Murabbiylar Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu majlisda kun tartibidagi asosiy masala yoshlar o‘rtasidagi Jahon Chempionati va unga O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining qay tarzda tayyorlangani, rejalar va maqsadlar borasida bo‘ldi.

Majlisda O‘zbekiston U-20 bosh murabbiyi Ravshan Haydarov so‘z olib, jamoasining 30 may kunida boshlanadigan mundialga qay tarzda tayyorgarlik ko‘rgani va bo‘lajak yig‘inlar haqida ma'ulomot berdi.

Jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi oltita o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazib, unda 13ta o‘rtoqlik va nazorat uchrashuvlari o‘tkazdi. Bu yig‘inlardan Jahon chempionatida ishtirok etadigan futbolchilar ro‘yxatini aniqlab olish va futbolchilarning jismoniy tayyorgarligini oshirish maqsadida foydalanidi.

Ko‘p hollarda futbolchilar o‘zlaridan kattalar bilan o‘ynashdi. Shuningdek, Urugvay, Portugaliya, Yangi Zelandiya kabi terma jamoalar bilan o‘yinda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi o‘z tengdoshlari bilan kuch sinashdi.

“Menimcha, yaxshi o‘yinlar bo‘ldi va bizga katta foyda berdi. Garchand terma jamoaning asosii sifatida Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan jamoa tarkibi olingan bo‘lsa-da, biz yig‘inlarda yangi futbolchilarni, yangi nomzodlarni ham ko‘zdan kechirdik. 45 nafar futbolchidan biz 26 futbolchini tanlab oldik. Ulardan 21 nafari Jahon chempionatiga boradiganlari bo‘lsa, 5 futbolchi zahira ro‘yxatiga tushdi. Futbolchilarning geografiyasi ham keng – “Bunyodkor”dan 10, “Paxtakor”dan 7, “Nasaf” 3, “Lokomotiv” 2 futbolchi bilan ro‘yxatga kirgan. Ro‘yxatda Navoiy, Namangan, Toshkent, Farg‘ona, Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon viloyatlaridan, shuningdek, poytaxt Toshkentlik futbolchilarning borligi seleksiya ishlari Respublika bo‘ylab amalga oshirilganiga ishora”, deydi Ravshan Haydarov.

Tarkibda bu yili o‘z klublari bilan Osiyo chempionlar ligasida o‘ynab, katta tajriba to‘plagan yangi liderlar bor. Masalan, “Paxtakor”dan Javohir Sohibov, “Nasaf”dan Odilbek Hamrobekov, “Bunyodkor”dagi Akram Komilov, Otabek Shukurov, Eldor Shomurodov va Zabihillo O‘rinboyev kabilar ana shular jumlasidandir.

Jahon chempionatiga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichini 3 mayda boshlandi. Ushbu yig‘inning birinchi bosqichi 6 maygacha davom etib, unda Qirg‘iziston olimpiya terma jamoasi bilan kuch sinashildi va unda 2:2 hisobidagi durang qayd etildi.

Ikkinchi bosqich 11 maydan 20 maygacha Toshkentda davom etadi va unda “Oqtepa” futbol klubi bilan nazorat o‘yini o‘tkazishni rejalashtirilgan.

20 may kuni O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Yangi Zelandiyaga uchib ketadi. 22 may kuni jamoa Yangi Zelandiyaga yetib boradi.

28 maygacha Vellingtonda yig‘in o‘tkaziladi. 24 may kuni Vellingtonda Panama bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkaziladi. 28 may kuni esa guruh o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun jamoa Kraystcherch shahriga uchib ketadi.

Avvalroq, U-20 yoshlar o‘rtasidagi Jahon Chempionatida O‘zbekistonning o‘yinlar taqvimini keltirib o‘tgandik.

Quyida O‘zbekiston U-20 terma jamoasining 11-20 may kunlaridagi yig‘iniga chaqirilgan va Jahon Chempionatiga boradigan futbolchilar ro‘yxatini keltirib o‘tamiz.

Darvozabonlar:

Dilshod Hamroyev (“Qizilqum”)

Botirali Ergashev (“Paxtakor”)

Sarvar Karimov (“Lokomotiv”)

Himoyachilar:

Rustam Ashurmatov (“Bunyodkor”)

Akromjon Komilov (“Bunyodkor”)

Abbosjon Otaxonov (“Paxtakor”)

Ibrohim Abdullayev (“Paxtakor”)

Najmiddin Normurodov (“Nasaf”)

Odil Hamrobekov (“Nasaf”)

Doston Tursunov (“Neftchi”)

Yarimhimoyachilar:

Javohir Sohibov (“Paxtakor”)

Javohir Siddiqov (“Paxtakor”)

Timur Tolipov (“Paxtakor”)

Otabek Shukurov (“Bunyodkor”)

Sardor Azimov (“Bunyodkor”)

Mirjamol Qosimov (“Bunyodkor”)

Xurshid G‘iyosov (“Bunyodkor”)

Hujumchilar:

Doston Hamdamov (“Bunyodkor”)

Zabixullo O‘rinboyev (“Bunyodkor”)

Eldor Shomurodov (“Bunyodkor”)

Ravshan Xursanov (“Paxtakor)

Zaxiradagilar:

Darvozabon: Sherzod Abduraimov ("Tsementchi")

Himoyachi: Ergash Ismoilov ("Bunyodkor)

Yarimhimoyachi: Doniyor Narzullayev ("Nasaf")

Hujumchilar: Asliddin Abdiyev ("Mash'al"), Temur Usmonov ("Lokomotiv")

Ta'kidlash kerakki, 18 may, dushanba kuni soat 12:00da O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov hamda jamoa yarimhimoyachisi Javohir Sohibov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish