14:28 / 15.05.2015
4054

Abdulla Tangriyev dzyudo bo‘yicha Osiyo chempioni bo‘ldi

Kuvayt davlatida 13-14 may kunlari o‘tkazilgan Osiyo chempionatida Olimpiada o‘yinlarining kumush medal sovrindori, Jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari sovrindori Abdulla Tangriyevning g‘alabasi sharafiga O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi
 
Og‘irlik vazni 100 kg.dan yuqori bo‘lgan polvonlar bellashuvida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Abdulla Tangriyev nimchorak finalda hindistonlik Udayvir Sinhni, chorak finalda yaponiyalik Kenta Nishigatani, yarimfinalda mo‘g‘ulistonlik Temyulen Battulgani mag‘lub etib, hal qiluvchi final bellashuvida qirg‘izistonlik Yuriy Krakovetskiydan ustun keldi. 
 
Ushbu qit'a chempionatida terma jamoamiz a'zolaridan, shuningdek, Gulnoza Matniyozova (-70 kg) va Sharofiddin Boltaboyev (-73 kg) kumush, Sharofiddin Lutfullayev (-60 kg) hamda Sherali Jo‘rayev bronza medaliga sazovor bo‘lishdi. 
 
Osiyo chempionatida ishtirok etgan qolgan hamyurtlarimiz Rishod Sobirov (-66 kg), Yahyo Imomov (81 kg) va Ramziddin Saidov (-100 kg) beshinchi, Dildora Ubaydullayeva (-52 kg) yettinchi o‘rinlarni egallashdi. 
 
Shu tariqa, 1 ta oltin, 2ta kumush va 2ta bronza medaliga ega bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi Yaponiya, J.Koreya, Mo‘g‘uliston va Xitoy davlatlaridan keyin 5-o‘rinni egalladi.
Top