Texnologiya | 13:24 / 15.05.2015
3547
2 daqiqa o‘qiladi

Google Yer sharini ikki qismga “arraladi”

Google qidiruv tizimi 13 may kuni o‘zining bosh sahifasida daniyalik seysmolog Inge Lemann tavallud kunining 127 yilligiga bag‘ishlangan animatsiyalangan tasvirni joylashtirdi.

Google’ning yangi dudlida o‘rtasidan qoq ikkiga bo‘lingan Yer sayyorasi va ular o‘rtasida joylashgan Yer yadrosi tasvirlangan (dudl - bayram kunlari, mashhur insonlarning tavallud kuni, Olimpiya o‘yinlari kabi yirik voqealar paytida Google o‘zining rasmiy logotipini almashtiradigan tasvirlar, animatsiyalar va kichik o‘yinlar).

Gap shundaki, Inge Lemann 1936 yilda olamshumul kashfiyotni amalga oshirgan, ya'ni u Tinch okeanining janubiy qismidagi zilzilardan tarqaladigan seysmik to‘lqinlarni o‘rganish negizida sayyoramizning ichki yadrosi borligini aniqlagan.

Daniyalik geofizik, seysmolog olima va London Qirollik jamiyati o‘qituvchisi bo‘lgan Lemann o‘zining butun ilmiy faoliyati davomida o‘zining ulkan yutuqlari uchun ko‘plab mukofotlar bilan taqdirlangan. 1997 yilda AQSh geofizika ittifoqi Inge Lemann sharafiga “Yer mantiyasi va yadrosining tuzilishi, tarkibi va dinamikasini tushunish uchun qo‘shgan ulkan hissasi uchun” medalini ta'sis etdi.

Olima 1993 yil 21 fevralda o‘zining ona shahri Kopengagenda vafot etgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish