Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda “Kitob bizni birlashtiradi” nomli kitobxonlar festivali tashkil etildi
Xalq ta'limi vazirligi tomonidan joriy yilning 15 may kuni G‘ofur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida “Kitob bizni birlashtiradi” nomli kitobxonlar festivali tashkil etildi.

Mazkur festival Respublika bolalar kutubxonasi, Baynalmilal madaniyat markazi, G‘.G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hamda O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi hamkorligida tashkil etildi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat bolalari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, bu orqali Vatanni sevish, umummilliy qadriyatlarni yanada rivojlantirishdir.

Festival davomida yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan nashriyotlarning kitob-ko‘rgazma savdosi tashkil etildi. Shuningdek, “Kitobxon maktab”, “Kitobxon oila”, “Yilning eng yaxshi kitobxoni”, “Zukko kitobxon” kabi ko‘rik-tanlovlarida faol qatnashgan o‘quvchilar vazirlikning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Festivalga tashrif buyurgan o‘quvchi-yoshlar o‘zlarining sevimli yozuvchi-shoirlari bilan uchrashdilar. Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millatlarning Milliy madaniyat markazlari bolalar badiiy jamoalarining chiqishlari tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Ma'lumot uchun, xalq ta'limi tizimida 10 114 ta axborot-kutubxona muassasalari mavjud bo‘lib, ularda 26 mln. nusxadan ortiq kitoblar, darslik va adabiyotlar mavjud.