Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qodirov ichki ishlar boshqarmasining boshlig‘i va 17 yoshli qizning to‘yiga barchani taklif qilmoqda
Checheniston rahbari Ramzon Qodirov Nojay-Yurt tumani ichki ishlar boshqarmasining boshlig‘i Najud Guchigov va 17 yoshli chechen qizi Xadi Goylabiyevaning to‘yiga barchani taklif qilmoqda. Bu haqda Qodirov o‘zining instagramdagi sahifasida ma'lum qildi.
“Shunday qilib, 16 may kuni 16:45 da Grozniy shahridagi FHDYoda Najud va Luizaning nikohdan o‘tish marosimi bo‘lib o‘tadi. Barchani to‘yga taklif qilib qolaman!”, deb yozadi u.
Checheniston rahbari bunda shariat va Rossiya qonunlariga to‘liq amal qilinayotganini aytgan. Bundan tashqari, Qodirov bo‘lg‘usi er-xotinning shaxsiy hayotiga aralashayotgan odamlarga nisbatan sudga da'vo arizalari tayyorlanayotganini qo‘shimcha qilib o‘tdi.
Avvalroq OAVlarda Qodirov Najud Guchigovga 17 yoshli Xadi Goylabiyevani uning ixtiyoriga qarshi xotinlikka olishga ruxsat bergani haqidagi ma'lumotlar paydo bo‘lgan edi. Bolalar ombudsmeni Pavel Astaxov balog‘atga yetmagan qizning huquqlari buzilgani haqidagi ma'lumot o‘z tasdig‘ini topmaganini aytgan.