14:25 / 16.05.2015
2452

Xitoyda avtobus bekatini chaqmoq urishi oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi

Xitoyning janubida avtobus bekatiga chaqmoq kelib urishi oqibatda 2 kishi halok bo‘ldi, yana 9 kishi jarohat oldi. Bu haqda Shanghai Daily nashri xabar bermoqda.

Bu hodisa 15 may kuni Guansi-Chjuan muxtor viloyatining Lyuma qishlog‘ida yuz berdi.

Odamlar momaqaldiroqdan qochib bekat ostiga kirib olganlarida chaqmoq bekatga kelib urilgan. Jarohatlanganlar shifoxonaga yetkazilgan, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi. Shifokorlarning aytishicha, 4 nafar kishi jiddiy jarohat olgan.

Qayd etilishicha, Xitoy Milliy meteorologik markazi Xitoyning janubiy viloyatlarida jala, momaqaldiroq, do‘l va shtorm bo‘lishi xavfidan ogohlantirish berib o‘tgandi.

Fevral oyi oxirida Tanzaniyada 21 nafar o‘quvchi va ularning o‘qituvchisi ketayotgan maktab avtobusiga chaqmoq kelib urilgandi. Oqibatda 4 nafar o‘quvchi va o‘qituvchi voqea joyida halok bo‘lgan, yana 17 nafar bola jarohat olgan edi.

2014 yilning dekabrida chaqmoq zarbidan AQShning Tampa shahridagi avtomobil turargohida 12 kishi jabrlangan edi. Ulardan 7 nafari shifoxonaga yotqazilgan, qolganlarga esa voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan edi. Mahalliy o‘t o‘chirish boshqarmasi matbuot kotibining aytishicha, chaqmoq hech kimga kelib urilmagan, biroq uning zarbidan havoga tosh va shag‘al ko‘tarilib, odamlarga jarohat yetkazgan.

Top