Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xokkey bo‘yicha jahon chempionatining yarimfinalida Rossiya AQSh bilan to‘qnashadi
Hozirda Chexiyada bo‘lib o‘tayotgan xokkey bo‘yicha jahon chempionatida Rossiya terma jamoasi AQSh terma jamoasi bilan yarimfinalda finalga yo‘llanma olish uchun yana kuch sinashadi. Endigina Rossiya termasi safiga kelib qo‘shilgan Aleksandr Ovechkin turnirdagi birinchi uchrashuvini AQShga qarshi o‘tkazadi. Ikkinchi yarimfinalda Chexiya va Kanada termalari uchrashadi.
Ushbu yarimfinalda chempionatning guruh bosqichlarida eng shov-shuvga sabab bo‘lgan Rossiya-AQSh uchrashuvining davomi bo‘lib o‘tadi.
4 may kuni bo‘lib o‘tgan ikki terma o‘rtasidagi uchrashuv AQShlik xokkeychilar hisobiga 4:2 hisobida hal bo‘lgan edi. Bu uchrashuvning natijasi nafaqat Rossiyada o‘tkazilgan uy Olimpiadasida AQShdan alamli mag‘lubiyatga uchragan Rossiya termasining revansh olishini kutgan muxlislarning hafsalasini pir qildi, balki Oleg Znarok jamoasining o‘zining kvartetidagi birinchi o‘rindan mahrum etdi.
Bu esa rossiyaliklarning chorakfinalda shvedlar bilan bo‘lgan o‘yinda barcha kuchlarini sarflashlariga olib keldi. Amerikaliklar esa shveysariyaliklarni katta kuch sarflamagan holda, osongina mag‘lub etishdi.
“Qoida bo‘yicha bir musobaqada bir jamoaga ikki marta yutqazilmaydi. Amerikaliklardan qarzimizni uzishimiz kerak. Biroq AQSh jamoasi yosh va juda ambitsiyali jamoa. Shuning uchun uchrashuv oson kechmaydi. Raqiblar bir-birlarini juda yaxshi biladilar”, deb aytmoqda Rossiya xokkey federatsiyasi prezidenti Vladislav Tretyak.
Avvalgi o‘yindan keyin Rossiya terma jamoasida ko‘p narsa o‘zgargani aytilmoqda. Xususan, Yevgeniy Medvedev Finyandiya bilan uchrashuvda olgan jarohati tufayli safdan chiqqan. Xuddi shunday holat Yevgeniy Dadonov bilan shvedlarga qarshi uchrashuvda yuz berdi. Maksim Chudinov yuz va tamog‘idan jiddiy jarohat olgan, biroq u o‘yinga tusha oladi. Artem Anisimovda ham ba'zi muammolar mavjud.
Rossiya termasi murabbiylar shtabi “Vashington Kapitels” o‘yinchisi Aleksandr Ovechkinni jamoa tarkibiga chaqirtirishga qaror qildi. Ovechkin Shvetsiya bilan chorakfinaldan oldin Milliy xokkey ligasidagi o‘yinlardan bo‘shadi va u Chexiyada AQShga qarshi o‘yinda birinchi marta muz ustiga tushadi. Hujum uchun Ovechkin a'lo darajadagi kuchayish bo‘lishi kutilmoqda, chunki u butun mavsumni ajoyib tarzda o‘tkazdi.
Aleksandrning jamoaga qo‘shilishi faqatgina bitta – uni qaysi zvenoga qo‘yish muammosini tug‘dirmoqda. Birinchi ikkita uchlik anchagina yaxshi o‘ynayotgani uchun ularni ajratishdan hech qanday ma'no yo‘q. Aleksandr 3- yoki 4-zvenoga qo‘yiladi. Ular tomonidan istalgan qo‘pollik tufayli o‘yindan chetlatish esa Milliy xokkey ligasining eng yaxshi snayperining darvozani ishg‘ol qilishi bilan yakunlanishi mumkin.
Darvoqe, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi uchrashuv ularning kelajakdagi faoliyatlariga ham ta'sir qilishi mumkin. Ushbu chempionatning natijalariga ko‘ra jamoalar reytingi tuziladi. Bu reyting asosida esa 2018 yilgi qishki Olimpiada uchun guruhlar shakllantiriladi. Agar Znarok qo‘l ostidagilar amerikaliklarni yuta olishsa, unda o‘zlari uchun bu reytingda birinchi yoki ikkinchi o‘rinni ta'minlashadi va Koreyada bo‘lib o‘tadigan Olimpiadada dastlabki bosqichda Kanada bilan to‘qnashishdan o‘zlarini saqlab qolishadi.
Biroq bronza medallari ham “zarang barglilar” bilan pley-off bosqichigacha uchrashishni biroz orqaga suradi. To‘rtinchi o‘rin esa Rossiyaga 3 yildan keyin bo‘lib o‘tadigan Olimpiadada Shimoliy Amerika jamoalaridan biri bilan to‘qnash kelishini kafolatlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya-AQSh uchrashuvi 16 may kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:15 da boshlanadi.