Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
"Boka Xuniors" jamoasi Libertadores Kubogidan chetlashtirildi
Janubiy Amerika futbol Konfederatsiyasi (KONMeBOL) Argentinaning "Boka Xuniors" jamoasini Libertadores Kubogining nimchorak finalida Argentinaning yana bir jamoasi – “River Pleyt”ga qarshi uchrashuvda sodir bo‘lgan voqeadan keyin musobaqadan chetlashtirishga qaror qildi.
O‘sha voqeada “Boka Xuniors” muxlislari maydonda ko‘zni achishtiruvchi gazni sepib yuborganlaridan keyin uchrashuv 1-taymdan keyin to‘xtatib qo‘yilgandi. Birinchi o‘yin “River”ning foydasiga 1:0 hisobida hal bo‘lgandi.
KONMeBOL qabul qilgan qarorga ko‘ra, “Boka Xuniors” musobaqadan chetlashtirilganidan tashqari, o‘z maydonida o‘tkaziladigan 4 ta xalqaro uchrashuvini muxlislarsiz o‘tkazadi. Shuningdek, jamoaning muxlislari mehmonda o‘tkaziladigan 5 ta halqaro uchrashuvga ham borolmaydi hamda jamoa 200 ming dollar jarima to‘laydi.
Shu tariqa, Argentinaning “River Pleyt” jamoasi Libertadores Kubogining chorakfinaliga yo‘l oldi hamda unda Braziliyaning “Kruzeyro” jamoasi bilan bellashadi.