O‘zbekiston | 20:29 / 18.05.2015
3863
6 daqiqa o‘qiladi

2014-2019 yillarda O‘zbekistonda 25 ming km elektr simi tortiladi

O‘zbekistonda 2015-2019 yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi qabul qilindi.

O‘zbekistonda transport kommunikatsiyalari, zamonaviy telekommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish, muhandislik-infratuzilma obektlarini barpo etish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Buning samarasida O‘zbekiston milliy avtomagistralining 2 ming kilometrdan ziyod qismi qurildi va rekonstruksiya qilindi. Temir yo‘llarning umumiy uzunligi 4,6 ming kilometrdan oshdi va ularning 34 foizi elektrlashtirildi. 16 ming kilometrdan ortiq optik tolali aloqa tarmoqlari bunyod etildi. Bugungi kunda 20 milliondan ziyod abonent mobil aloqadan foydalanmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq qabul qilingan 2015-2019 yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturining ijrosi mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning uzviy davomi bo‘ladi. Mazkur dastur avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish, temir yo‘l va havo transportini yanada rivojlantirish, elektr va suv ta'minoti tizimlarini modernizatsiyalash, iqtisodiyot tarmoqlariga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish kabi keng ko‘lamli maqsad va vazifalarni qamrab olgan. 

Dasturning asosiy maqsadi ushbu vazifalarni amalga oshirishdir. Unga muvofiq 2015-2019 yillarda 25 ming kilometrdan ziyod elektr ta'minoti tarmoqlari hamda 5 mingta transformator punktini qurish va modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. 

Mamlakat rivoji, odamlarning daromadlari ortishi bilan aholi turmush darajasi yuksalib bormoqda. Barcha hududlarda maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari rivojlanmoqda, yangi kichik korxonalar tashkil etilmoqda, aholi uchun zamonaviy uy-joylar ko‘paymoqda. Tadqiqotlarga qaraganda, bugungi kunda yurtimizdagi oilalarning 94 foizi xolodilniklar, 84 foizi turli oshxona elektr jihozlariga, 63 foizi kir yuvish mashinalari, yarmidan ko‘pi kompyuter, changyutgich, mikroto‘lqinli pechlarga ega, uchdan bir qismi konditsionerlardan foydalanmoqda. 

Bular jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralaridir. Lekin elektr energiyasi iste'molining ortishi uzatish tarmoqlariga muayyan qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Negaki, mavjud quvvatlar bunday kuchlanishga mo‘ljallanmagan. 

Shu bois dasturda hududlar kesimida elektr energiyasini taqsimlash tizimini takomillashtirishga alohida e'tibor qaratilgan. 

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish doirasida «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining «O‘zMobayl» filiali negizida milliy mobil aloqa operatori tarmog‘ini barpo etish, optik tolali aloqa tarmoqlarini kengaytirish, raqamli televideniyeni rivojlantirish, kommutatsiya markazlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan. Mobil aloqa xizmatlarini kengaytirish, jumladan, 4G texnologiyalarini joriy etish, ma'lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazini yaratish ko‘zda tutilgan. Bu sohada umumiy qiymati 800 million dollardan ziyod bo‘lgan ko‘plab loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 

Dastur doirasida temir yo‘llarning qayta tiklanishi va elektrlashtirilishi ham e'tiborga molik. Xususan, Samarqand – Buxoro, Samarqand – Qarshi hamda Qarshi – Termiz temir yo‘l uchastkalari elektrlashtiriladi. Bu yonilg‘i sarf-xarajatlariga ketadigan mablag‘ni tejash bilan birga yo‘lovchi tashishni ko‘paytirish, turizmni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. 

Samarqand – Buxoro hamda Samarqand – Qarshi oralig‘idagi temir yo‘l elektrlashtirilgach, ushbu yo‘nalishlarda ham tezyurar poyezdlar harakatlanadi. Buning uchun yana ikkita zamonaviy elektropoyezd xarid qilinishi mo‘ljallangan. 

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi tizimida ham qator ishlar amalga oshiriladi. Poytaxtimizda yangi «Toshkent-4» xalqaro yo‘lovchi terminalini barpo etish, kompaniya aviaparkini zamonaviy avialaynerlar bilan yangilash va boyitish loyihalari shular jumlasidandir. Umuman, bu sohada bir milliard dollardan ziyod qiymatdagi loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 

Mamlakatimizda yo‘l-transport infratuzilmasi zamon talablari asosida rivojlantirilayotgani samarasida iqtisodiyotimiz jadal taraqqiy etmoqda. Misol uchun Qo‘ng‘irot soda zavodi yoki Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodini olaylik. Ma'lumki, bu korxonalar yurtimizning chekka hududlarida joylashgan. Agar zamonaviy yo‘l infratuzilmasi bo‘lmasa, ularni ishga tushirish, samarali ishlatish mumkinmi? Albatta, yo‘q. 

Shu bois dasturda zamonaviy yo‘llar qurishga alohida e'tibor qaratilgan. 2,5 ming kilometrdan ortiq avtomobil yo‘lini ta'mirlash va rekonstruksiya qilish belgilangan. 

Dasturga muvofiq, O‘zbekiston milliy avtomagistralida olib borilayotgan qurilish va rekonstruksiya ishlari to‘liq yakunlanadi. Andijondan Qo‘ng‘irotgacha, Samarqanddan Termizgacha bo‘lgan avtomobil yo‘llari jahon standartlari talablariga mos darajada yangilanadi. 

Shuningdek, 4 ming kilometrdan ziyod xo‘jaliklararo yo‘llar, qariyb 2 ming kilometr shahar, qishloq va tuman markazlari ko‘chalari ta'mirlanishi rejalashtirilgan. 

Aholi turmush darajasini yuksaltirish maqsadida Dasturda ichimlik suvi hamda kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va yangilash bo‘yicha ham muayyan ishlar belgilangan. Jumladan, 8 ming kilometrdan ortiq ichimlik suvi, 350 kilometrdan ziyod sanitar tozalash tarmoqlarini modernizatsiya qilish mo‘ljallangan. 

Ushbu dasturdagi maqsadlarni amalga oshirish uchun 9 milliard dollardan ortiq mablag‘, jumladan, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki, Xitoyning Eksimbanki kabi yirik xalqaro moliya institutlarining investitsiyalari yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish