13:43 / 18.05.2015
1848

Ravshan Haydarov: "Oldimizga yarim finalga chiqish vazifasi qo‘yilgan"

Bugun O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi malislar zalida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov hamda jamoa sardori Javohir Sohibov ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

30 may kuni Yangi Zelandiyada boshlanadigan yoshlar o‘rtasidagi Jahon Chempionatiga jo‘nab ketish oldidan o‘tkazilgan anjumanda murabbiy jurnalistlar savollariga javob berdi.

"Tayyorgarlik jarayonini dekabr oyidan boshladik. Besh oyda oltita yig‘in o‘tkazdik. Ular davomida 14ta o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil etildi. Yig‘inlardan ikkitasi xorijda bo‘ldi", deya so‘z boshladi Ravshun Haydarov.

"Tayyorgarlik jarayonidan ko‘nglim to‘ldi. O‘zimizdan katta yoshdagi bir nechta terma jamoalar bilan, shuningek tengosh jamoalardan Urugvay, Portugaliya kabi kuchli termalar bilan nazorat o‘yinlarida maydonga tushdik. Guruh bosqichidagi raqiblarni yaxshi o‘rganib chiqdik, deb ayta olaman. Ular ishtirokidagi o‘yinlarning videolari bizda bor edi. Diqqat bilan o‘rganib, tahlil qilib chiqdik va shunga yarasha tayyorgarliklarni olib bordik".

"Yig‘inlar davomida 40dan ortiq futbolchilarni ko‘zdan kechirdik. Yakuniy tarkibdan o‘rin olgan futbolchilar Jahon Chempionatiga borishga munosib ekanini isbotlagan yigitlardir. Tarkibimizdagi eng katta yo‘qotish - Jamshid Boltaboyev. U jarohati tufayli yig‘inlarda qatnasha olmadi. Hamon jarohatini davolayapti. Bobur Davlatov esa "Rubin"da to‘p suryapti. Uning klubi futbolchiga terma jamoa mashg‘ulotlariga kelishiga ruxsat bermadi. Shu sababli u tarkibdan o‘rin olmadi".

"20 may kuni Yangi Zelandiyaga yo‘l olamiz. U yerga Toshkent-Dubay-Sidney-Vellington" yo‘nalishida uchamiz. Umumiy hisobda 22 soat parvoz qilishimiz kerak bo‘ladi. Yangi Zelandiya iqlimiga moslashish, uzoq parvozdan keyin tiklanish hamda bitta o‘rtoqlik uchrashuvi (Panamaga qarshi) o‘tkazish uchun u yerga ertaroq boryapmiz. Buning uchun O‘zbekiston Futbol Federatsiyasiga alohida minnatdorchiligimni bildiraman".

"Oldimizga yarim finalga chiqish vazifasi qo‘yilgan. Biz eng kamida avvalgi mundiallarda qayd etilgan natijani takrorlashimiz zarur. Buning uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz", deydi O‘zbekiston U-20 bosh murabbiyi Ravshan Haydarov.

Top