O‘zbekiston | 19:11 / 18.05.2015
2763
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash masalasi muhokama qilinadi

21 may kuni Toshkentda Terrorizmni moliyalashtirish va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi Yevroosiiyo guruhining (YeAG) 22 yalpi majlisi o‘tkaziladi. Bu haqda "Gazeta.uz" nashri xabar bergan.
Ushbu yalpi majlisda YeAG a'zolari bo‘lgan O‘zbekiston, Belarus, Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston davlatlari delegatsiyalari hamda kuzatuvchi tashkilotlarning vakillari ishtirok etadi. ShHTning terrorizmga qarshi hududiy bo‘limi, MDHning antiterror markazi, YeXHT vakillari hamda Italiya, AQSh, Polsha, Fransiya va Chernogoriyadan keladigan delegatsiyalar kuzatuvchi delegatsiyalar hisoblanishadi.
Yalpi majlis davomida tomonlar YeAG doirasida terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqishadi. Muhokamalar markazida har bir davlatda "noqonuniy pullarni yuvish" va terrorizmni moliyalashtirish holatlariga qarshi kurash masalalari bo‘lishi kutilmoqda. Bundan tashqari tomonlar terrorizmga qarshi kurashda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish masalalarini ko‘rib chiqishadi.
18 may kuni ushbu majlis oldidan ishchi guruh o‘z ishini boshladi.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Terrorizmni moliyalashtirish va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi Yevroosiiyo guruhiga 2005 yilda a'zo bo‘lgan. Bosh prokuratura huzuridagi soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘limi YeAG to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish uchun mas'ul hisoblanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish