09:13 / 19.05.2015
2285

BMT bosh kotibi KXDRga borishga tayyorligini ma'lum qildi

BMT bosh kotibi Pan Gi Mun ikkita Koreya o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash uchun KXDRga borishga tayyorligini ma'lum qildi. Bu haqda Yonxap agentligi ma'lum qilmoqda.
“Agar tashrifimday foyda bo‘lsa, Pxenyanga borishga tayyorman”, – degan Pan Gi Mun Seulda bo‘lib o‘tayotgan oltinchi Osiyo yetakchilari konferensiyasida.
Bosh kotib, shuningdek, 15 yillik tanaffusdan so‘ng o‘tgan yilning sentabr oyida KXDR BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkda o‘tkazilgan 69-sessiyasida ishtirok etishini ijobiy qadam deb baholadi. Ta'kidlanishicha, tadbirda KXDR tashqi ishlar vaziri Li Su Yon qatnashgan.
Pan Gi Mun joriy yilda Shimoliy Koreya tashqi ishlar vaziri bilan yana bir bor uchrasha olishiga umid bildirgan. Bundan tashqari, u siyosiy va gumanitar masalalarni ajratib, ularni bir-biriga bog‘lamagan holda xulosalar qilish kerakligini qayd qilib o‘tdi.

Top