Texnologiya | 18:29 / 20.05.2015
3718
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Harbiy-dengiz kuchlarida inson kaftiga sig‘adigan harbiy dron yaratildi

AQSh Harbiy-dengiz kuchlari “Tsikada” nomli yangi ixcham razvedka dronlarini yaratish bo‘yicha ishlar olib bormoqda. Loyiha 2006 yilda boshlangan. 2011 yilda ixcham avtonom uchish apparatlarining ilk sinov parvozlari amalga oshirilgan edi. Inson kaftiga sig‘ishi mumkin bo‘lgan yangi dronlar o‘tgan haftada AQSh Mudofaa vazirligi tomonidan o‘tkazilgan Lab Day tadbirida namoyish qilindi.

Endgadet portali xabar berishicha, bu mittivoylar xuddi kichkina qog‘oz samolyotchalarga o‘xshab ketadi hamda ularda dvigatel yo‘qligi sababli umuman shovqinsiz uchadi. Ularga “Tsikada” (hasharot turi) degan nom bejiz tanlanmagan. Yangi dronlar tsikadalarga o‘xshab gala bo‘lib ishlash uchun mo‘ljallangan. O‘zining kichik o‘lchamiga qaramasdan, ular batareyalar hamda turli sensorlar bilan jihozlanadi.

2011 yilda chiqqan dron ob-havo, harorat va namlikni o‘lchash sensorlari bilan jihozlangan edi. O‘tgan haftada namoyish qilingan dronning yangi versiyasi mikrofon, tebranish datchiklari bilan jihozlanishi mumkin va buning evaziga dron dushmanni tinglashi yoki dushmanning texnikasini aniqlab, uning hujum yo‘nalishini ko‘rsata oladigan ideal shovqinsiz radvedkachiga aylanishi mumkin.

“Tsikada”larda dvigatellar yoki qandaydir havo vintlari mavjud emas, biroq ular samolyotdan yoki havo sharidan ma'lum joyda havoga tashlangandan keyin 74 kilometrgacha uzoqlikka ucha oladi. Har bir dronning tizimiga GPS koordinatalari yuklanadi va ular yerga qo‘nayotganda shu koordinatalarga amal qiladi.

Yangi dronning prototipini ishlab chiqish AQSh HHKga anchagina katta pulga tushdi, biroq muhandislar dronlar ommaviy tarzda ishlab chiqarilganda har bir dronning narxi 250 dollar bo‘lishi va bu harbiy dronlar uchun uncha katta qiymatni tashkil etmasligi aytmoqdalar.

Dronlarning shovqinsizligi, yuqori samaradorligi va past narxi tufayli u bilan nafaqat harbiy tuzilmalar, balki ba'zi razvedka xizmatlari ham qiziqib qoldi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish