Jahon | 23:10 / 20.05.2015
7618
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh razvedkasi: Usama ben Laden o‘z o‘g‘lini o‘zining o‘rniga tayyorlagan

“Al-Qoida” terrorchilik guruhining sobiq yetakchisi Usama ben Laden o‘zining o‘g‘li Xamzani o‘zining o‘rniga voris sifatida tayyorlagan, deb xabar berdi AQSh razvedkasining yuqori lavozimli vakili Frans Press agentligiga.

Razvedka vakilining aytishicha, ben Laden “Al-Qoida”ning AQSh tomonidan yo‘q qilingan rahbarlari o‘rniga o‘z vaqtida ularning o‘rnini bosuvchi vorislarni qo‘ya olmagan. “Ben Laden o‘zining o‘limi oldidan bu muammoni tan olgan hamda o‘zining o‘g‘li Xamzani o‘ziga voris qilib tayyorlash maqsadida Abbottoboddagi o‘zining uy-joy majmuasiga olib chiqib ketishni rejalashtirgan”, deb aytmoqda razvedka vakili.

Xususan, AQSh razvedkasi o‘z otasini 8 yil ko‘rmagan 22 yoshli Xamzaning otasiga yo‘llagan maktubini chop etdi. Xamza maktubda “po‘latdan toblangani”, “g‘alaba va shahidlikka” hamda o‘z otasi bilan “jihod qilish”ga tayyorligini aytib o‘tgan. Xamza maktubda, shuningdek, otasining diydorini ko‘ra olmayotganidan aziyat chekayotganidan shikoyat qilgan. Usama ben Laden o‘ldirilganda uning o‘g‘li uyda bo‘lmagan. O‘shandan beri Xamza ben Ladenning qayerdaligi noma'lumligicha qolmoqda.

AQSh razvedkasi 20 mayda, shuningdek, ben Laden o‘ldirilganda topilgan minglab hujjatlarni chop etdi.

Ma'lumot uchun, ben Laden 2011 yilda Pokistonning Abbottobod shahrida amalga oshirilgan maxsus operatsiya davomida amerikalik maxsus vazifalarni bajaruvchi jangchilar tomonidan bartaraf etilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish