Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fransiya, Italiya va Germaniya hamkorlikda Yevrodron yaratadi
Fransiya, Germaniya va Italiya mudofaa vazirlari hamkorlikda Yevropa uchuvchisiz samolyotini yaratish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Uchish apparati 2025 yilga qadar yaratilishi aytilmoqda.
18 may kuni imzolangan kelishuvga ko‘ra, tadqiqot ishlariga 1 mlrd yevro ajratiladi. Dron o‘rta balandlikda uchishi, uzoq masofalarga mo‘ljallanishi, harbiy va fuqarolik maqsadlarida qo‘llanilishi kerak. Ma'lumot uchun, bugungi kunda mavjud dronlar 24 soat davomida 9 km balandlikda turishga qodir.
Razvedka va kuzatuv ishlaridan tashqari, yangi samolyot tabiiy ofatlar, yong‘inlar va chegara hududlarini nazorat qilish singari funksiyalarni bajaradi.
Fransiya mudofaa vaziri Jan-Iv Le Drian ushbu shartnoma uch davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini ta'kidlab o‘tdi.
Yevropa Ittifoqi ko‘pdan buyon o‘z uchuvchisiz samolyotiga ega bo‘lishni rejalashtirib keladi. Ayni paytda Ittifoq davlatlari AQSh va Isroil harbiy havo texnikasidan foydalanadi.
“Yevro-dron” loyihasidan ko‘zlangan maqsad qachon nima qilishni yevropaliklarning o‘z ixtiyoriga qo‘yib berishdir. Bu bizlarni, yevropaliklarni, mustaqil qiladi”, – ta'kidlab o‘tdi Germaniya mudofaa vaziri Ursula fon der Layyen.
Dronni ishlab chiqarish Airbus, Alenia Aermacchi va Dassault ekrokosmik kompaniyalaridan biriga ishonib topshirilishi taxmin qilinmoqda.