Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Motorola Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga raqamli radioelektron vositalarini taqdim qildi
19 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda tadbirkorlik sub'yektlari, davlat idoralariga mobil ishlanmalar, tezkor aloqa qurilmalarini yetkazib beruvchi yirik kompaniya hisoblangan Motorola Solutions bilan hamkorlikda radioelektron vositalardan foydalanishni tartibga solish jihatlariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar tarqatdi.
Seminarda Motorola Solutions kompaniyasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bo‘linmasi ekspertlari, O‘zbekiston Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasidagi hamkorlari qatnashdilar.
Seminarning amaliy qismida Motorola Solutions mutaxassislari tomonidan raqamli radioaloqaning zamonaviy avlodi bo‘lgan TETRA va MotoTRBO standarti imkoniyatlari, bugungi talab va ehtiyojga mos radiointerfeys va dasturiy ilovalari to‘g‘risida ma'lumot berildi.
Shuningdek, o‘quv mobaynida Motorola Solutions kompaniyasi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga mobil va simsiz aloqa yo‘nalishlariga ixtisoslashgan o‘quvlarda foydalanish uchun MotoTRBO tizimida ishlaydigan DMR (Digital Mobile Radio) raqamli radioelektron vositalarni taqdim qildi.